Bugun, 15-oktabr kuni “Voqealar gorizonti” shiori ostida o‘tkazilayotgan XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi doirasida Pavel Benkov nomidagi ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi galereyasida Turkmaniston rassomlarining ko‘rgazmasi ochildi.
Ekspozitsiyadan Azat Muradov, Guncha Muradova va Toyli Chopanovning realistik uslubda yaratilgan 30 dan ortiq rangtasvir asarlari o‘rin olgan. Mazkur ko‘rgazma turkman tasviriy san’atining o‘ziga xos jihatlari, milliy an’analari hamda ijodkorlarning individual badiiy qarashlarini namoyon etadi.
Biennalening “Voqealar gorizonti” konsepsiyasi o‘tmish va kelajak, an’analar va yangilanishlar o‘rtasidagi munosabatlarni badiiy mushohada etishga chorlaydi. Shu nuqtayi nazardan, ko‘rgazma an’anaviy realizmning zamonaviy san’atdagi o‘rni, mumtoz tasviriy ifoda vositalarining imkoniyatlari va rassomlik mahoratining ahamiyatini ochib beradi.
Ko‘rgazmaning Pavel Benkov nomidagi ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi galereyasida tashkil etilishi ham alohida ahamiyatga ega. Ushbu maskanda yosh rassomlar taniqli ijodkorlarning asarlari bilan yaqindan tanishish, ranglar uyg‘unligi, kompozitsiya, shakl va nisbatlar yechimini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Turkmanistonlik rassomlarning ijodiy ishlari yosh avlod uchun muhim tajriba va ilhom manbai hisoblanadi. Asarlar orqali rangtasvir mahorati, badiiy kuzatuvchanlik va tasviriy ifoda imkoniyatlarining kengligi namoyon bo‘ladi. Shuningdek, ular milliy an’analarni asrab-avaylagan holda, o‘ziga xos ijodiy uslubni rivojlantirish va xalqaro san’at maydonida munosib ishtirok etish muhimligini ko‘rsatadi.
Ekspozitsiyada an’anaviy realizm, mahoratli rangtasvir va puxta plastik yechimlar o‘zaro uyg‘unlashgan. Har bir ijodkorning individual yondashuvi orqali turkman san’atining milliy ruhi, estetik qarashlari va badiiy tafakkurining o‘ziga xosligi aks etadi.
XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi doirasida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, ijodiy tajriba almashinuvini rivojlantirish va zamonaviy san’atning turli yo‘nalishlarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.