Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Ustoz va shogird — bu uzluksiz ijodiy zanjir, badiiy merosni avloddan avlodga yetkazuvchi qudratli ko‘prikdir.

Shu ruhda, joriy yilning 24-sentabr kuni Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, mashhur rassom va pedagog Murtazo Irgashev hamda 13 nafar shogirdining ijodiy asarlaridan iborat “Ustoz izlab” nomli ko‘rgazma ochildi.

Ekspozitsiya ustozning tabiat nafasi va zamon ruhini uyg‘unlashtirgan manzara janridagi asarlari hamda turli yo‘nalishlarda ijod qilgan shogirdlarining asarlari bilan boyitilgan. Ayrim manzaralarda tabiat va inson olami uyg‘unligi namoyon bo‘lsa, boshqalarida zamonaviy tafakkur va erkin ijodiy mulohazalar o‘z aksini topgan.

Bu ko‘rgazmada tomoshabin ustoz asarlaridagi barqarorlik, yetuk uslub va hayotiy hissiyotlarni ko‘rsa, shogirdlar ijodida yangi nafas, yangi did va yangi izlanishlarni his etadi. Shunday qilib, ijodiy jarayonda an’ana va yangilik bir-biri bilan uyg‘unlashib, milliy san’atning uzluksiz taraqqiyotini namoyon qiladi.

Murtazo Irgashev 1959-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1987–2021-yillarda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida faoliyat yuritib, yuzlab yosh ijodkorlarning shakllanishida muhim rol o‘ynagan. 2016-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Rassom asarlari O‘zbekistonda, shuningdek, Rossiya, Vengriya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, AQSh, Qozog‘iston kabi mamlakatlardagi shaxsiy to‘plamlar va xususiy kolleksiyalarda saqlanib, yuqori badiiy va estetik qiymati bilan xalqaro san’at muhitida e’tirof etilgan.

“Ustoz izlab” ko‘rgazmasi — bu faqat san’at namoyishi emas, balki ustozdan shogirdga o‘tuvchi ijodiy ruh, mehr va badiiy merosning bayramidir. Bu tadbir tomoshabinga nafaqat tasviriy san’at zavqini, balki ustoz-shogird an’anasining beqiyos qudratini ham his qildiradi.