Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 8-may kuni Badiiy akademiyaning Toshkent Fotosuratlar uyida ham 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida anʼanaviy badiiy ko‘rgazma ochildi.
Ekspozitsiyada rangtasvir, grafika hamda fotoasarlar o'rin oldi. Unda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining suratlari bilan birga, o‘tib borayotgan har bir kunda yo‘qotilgan yaqinlari, tanish-bilishlari, qolaversa, qadrdon kunlarimiz xotiralari muhrlangan syujetlar, o‘tmishga aylanib bo‘lgan zamondosh portreti, yaqin o‘tmishda ishlangan natyurmortlarni ko‘rishimiz mumkin.
Faxriylar sho‘basi raisi A.Batikov («Keldi) va aʼzolari V.Kuznetsov («Bobom portreti»), E.Shubina («Soldat onasi», “Vanya”), F.Muxamadjanov (“Xumsan”, «Kuz neʼmatlari») hamda Q.Ajimetov (“Oy borib, omon qayt”), G.Naumova-Kim (“Urush faxriylari turkumi”) D.Azizov (“Sobir Rahimov xotirasiga”)ning keyingi yillarda ishlangan rangtasvir va grafika asarlari ekspozitsiyaga o‘zgacha ko‘rinish bag‘ishlaydi.
Ekspozitsiyadan, shuningdek, Abdug‘ani Jumayevning yurtimiz faxrlari, ajoyib ijodkorlarning obrazli portretlari joy olgan.
Ular orasida kinorejissyor B.Yo‘ldoshev, mashhur kompozitor M.Burhonov va I.Akbarov, xalq yozuvchisi Odil Yoqubov, shoiralar Oydin Hojiyeva va Gulchehra Nurillayeva, xalq ustasi, O‘zbekiston qahramoni Abdug‘ani Abdullayev portretlari ularning yorqin xotiralarini so‘zlab turadi. Shuningdek, Rustam Sharipovning xalq rassomlari Chingiz Axmarov, Ro‘zi Choriyev hamda boshqa ijodkorlar portretlari taqdim etilmoqda.