close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun,15-oktabr kuni “Voqealar gorizonti” shiori ostida o‘tkazilayotgan XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi dasturidan o‘rin olgan “Voqealar gorizonti: zamonaviy san’at ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlar kontekstida” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Anjumanlar zalida bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda biennale ishtirokchilari, san’atshunoslar, ijodkorlar, talabalar va madaniyat sohasi vakillari qatnashib, zamonaviy san’atning jamiyat hayotidagi o‘rni, bugungi madaniy jarayonlar va badiiy tafakkur rivojining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Konferensiyani O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Akilova olib bordi. Uchrashuv davomida anjuman mavzusining asosiy yo‘nalishlari atrofida ilmiy va amaliy qarashlar muhokama qilinib, zamonaviy san’atni ijtimoiy-madaniy jarayonlar bilan bog‘liq holda o‘rganishning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda san’at nafaqat estetik ifoda vositasi, balki jamiyatdagi o‘zgarishlarni anglash, inson va borliq munosabatlarini talqin etish hamda yangi g‘oyalarni ilgari surish maydoni sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Raqamli texnologiyalarning rivojlanishi, sun’iy intellektning ijodiy jarayonlarga kirib kelishi, milliy madaniyat va globallashuv o‘rtasidagi munosabatlar zamonaviy san’at oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bilan birga, madaniy merosni asrash, milliy badiiy o‘ziga xoslikni saqlash va yangi ijodiy izlanishlar uchun imkoniyatlar yaratish masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Konferensiya mavzusi biennalening “Voqealar gorizonti” konsepsiyasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, o‘tmish tajribasi, bugungi voqelik va kelajak haqidagi tasavvurlar o‘rtasidagi aloqalarni anglashga chorlaydi. Bu jihatdan, zamonaviy san’atni o‘rganish badiiy shakl va uslublarni tahlil qilish bilangina cheklanmay, uning ijtimoiy mazmuni, madaniy ta’siri va inson tafakkuridagi o‘rnini ham chuqur anglashni talab etadi.

Anjumanda ko‘tarilgan mavzularning yana bir muhim jihati san’at va ta’lim o‘rtasidagi bog‘liqlikdir. Xalqaro ilmiy muloqotlarda ishtirok etish yoshlar uchun zamonaviy san’at jarayonlari bilan tanishish, turli qarashlarni qiyosiy tahlil qilish va o‘z kasbiy dunyoqarashini kengaytirish imkonini beradi. Bunday uchrashuvlar ilmiy izlanishlar bilan amaliy ijod o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi doirasida tashkil etilgan mazkur konferensiya san’at va jamiyat munosabatlarini kengroq anglash, dolzarb madaniy masalalarni muhokama qilish hamda xalqaro ijodiy va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.