Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
2025–2026 o‘quv yili O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktab va maktab-internatlarida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida tantanali tarzda ko‘tarinki ruhda, mustaqillik bayrami bilan uyg‘unlashtirilgan holda keng nishonlandi.
Barcha hududlardagi tadbirlar davlat madhiyasi sadolari bilan boshlandi. Maktab rahbarlari, tuman va viloyat hokimliklari vakillari, ota-onalar, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik ishtirokida o‘quvchilar yangi o‘quv yiliga katta umidlar, ezgu niyatlar bilan qadam qo‘ydilar.
Tadbir davomida maktabga ilk bor qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchilariga an’anaga muvofiq Prezident sovg‘alari jamlanmasi tantanali tarzda topshirildi. O‘quvchilar tomonidan Vatanga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar, raqslar va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Maktab direktorlari va faxriy mehmonlar o‘z tabrik so‘zlarida ta’lim — yurt kelajagining tayanchi ekanini, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashda san’atning o‘rni beqiyosligini ta’kidladilar. Shuningdek, bitiruvchilarning oliy ta’limga kirishdagi yutuqlari hamda o‘quvchilarning mahalliy va xalqaro tanlovlardagi muvaffaqiyatlari tizimdagi sifatli ta’lim samarasi ekani alohida qayd etildi
Tadbirlar yakunida barcha sinflarda “Kelajak soati” dars mashg‘ulotlari tashkil etildi. O‘quvchilar zamonaviy bilimlar, vatanga sadoqat, madaniyat va estetik didni yuksaltirishga qaratilgan ilk darslarni qiziqish bilan boshladilar.
✨Yangi o‘quv yilida barcha o‘quvchilarimizga ijodiy parvoz, ustozlarga sabr va ilhom, ota-onalarga esa farzandlari yutuqlaridan faxrlanish nasib etsin!
Badiiy akademiya tizimi san’at orqali ma’naviy yuksalishga xizmat qiluvchi barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida o‘z faoliyatini davom ettiradi.