close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Joriy yil boshida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mahallalarda keng nishonlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Mazkur hujjat O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Yoshlar ishlari agentligi o‘rtasida ijodiy va ma’naviy-ma’rifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishning amaliy asosi bo‘ldi.

Kelishuv doirasida “Yangi O‘zbekiston: mahalla – an’analar – insoniy qadriyatlar” mavzusida rangtasvir asarlari tanlovi e’lon qilinib, qisqa muddatda keng qamrovli ijodiy harakatga aylandi.

Tanlov mahalla institutining jamiyatdagi o‘rni, milliy qadriyatlar va an’analar, shuningdek, yoshlar ongida vatanparvarlik, insoniylik va daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.

Tanlov jarayonida respublikaning barcha hududlaridan 8 831 ta mahalla, 9 415 nafar ijodkor ishtirok etib, 10 mingdan ortiq rangtasvir asarlari taqdim etildi. Hududiy bosqichlarda saralangan eng yaxshi ishlar orasidan 1 040 ta asar respublika bosqichiga yo‘l oldi hamda 201 ta eng sara asar maxsus katalogga kiritildi. Bu natijalar tanlovning yuqori badiiy va ijtimoiy ahamiyatini yaqqol ko‘rsatdi.

Yakuniy bosqich doirasida 1-may kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida ko‘rgazmaning tantanali ochilishi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli rassomlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tanlov g‘oliblari:

  • 🥇 1-o‘rinOtabek Shokirov (“Oqibat” asari, avtomobil bilan taqdirlandi)
  • 🥈 2-o‘rinTursunqul Shaymardonov (“Opamga to‘y keldi”)
  • 🥉 3-o‘rinNurjau Duysenbayev (“Xonadon fayzi keksalar duosi bilan ko‘karar olam”)

Maxsus nominatsiyalar:

  • 🖌 “Eng yaxshi rangtasvir”Zuhriddin Qiyomov
  • 🖋 “Eng yaxshi grafik rassom”Ashuroy Adizova
  • 💡 “Eng original g‘oya”Erkin Yo‘ldashev

Tadbir yakunida eng sara asarlar auksion savdolariga qo‘yildi, bu esa san’atning nafaqat ma’naviy, balki iqtisodiy qiymatini namoyon etdi hamda milliy san’at bozorini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tasviriy san’at orqali jamiyat bilan muloqotni kuchaytirish, milliy badiiy maktab an’analarini targ‘ib qilish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli siyosatning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Shuningdek, loyiha Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida madaniyat va san’atning o‘rni ortib borayotganini amalda tasdiqlab, ma’naviy barqarorlikni mustahkamlash, milliy o‘zlikni anglashni chuqurlashtirish va fuqarolarning daxldorlik hissini kuchaytirishda tasviriy san’atning ta’sirchan vosita ekanini yana bir bor namoyon etdi.