Poytaxtdagi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “CTRL+ART” yoshlar ko‘rgazmasi ish boshladi.
Mazkur yoshlar ko‘rgazmasi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi tomonidan har yili Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etiladigan zamonaviy madaniy loyiha bo‘lib, yosh rassomlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodini namoyish etish hamda jamoatchilik bilan muloqot qilishiga keng imkoniyat yaratadi.
Raqamli davr, urbanizatsiya, klipli tafakkur va an’anaviy tasviriy san’atning o‘zaro uyg‘unligi CTRL+ART loyihasining asosiy g‘oyasini tashkil etadi. Bu makonda an’anaviy san’at yangi voqelik bilan uyg‘unlashib, yangi shakl va mazmun kasb etadi.
Ko‘rgazmada ishtirokchilar raqamli muhit ta’siri, shahar madaniyati va tezkor axborot oqimi sharoitida inson tafakkuridagi o‘zgarishlarni badiiy talqin etadilar. Klassik tasviriy vositalar zamonaviy g‘oyalar bilan uyg‘unlashib, yangi vizual ifoda shakllarini yaratadi.
Loyiha yosh rassomlarning ijodiy izlanishlari, shaxsiy qarashlari, ichki kechinmalari va ijtimoiy pozitsiyasini namoyon etadi. Mualliflar turli texnika va materiallar bilan erkin tajriba o‘tkazib, o‘z dunyoqarashini ifoda etadilar.
Ko‘rgazmada 50 nafardan ziyod yosh rassomning 200 ga yaqin asari namoyish etilgan. Barcha san’at ixlosmandlarini yangi avlod rassomlari ijodi bilan yaqindan tanishish uchun ko‘rgazmaga tashrif buyurishga taklif etamiz.
Ko‘rgazma 5-iyulga qadar davom etadi.
📸 Fotorassom: Nazira Boymurodova.