close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 29-sentabr kuni, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Anjumanlar zalida mamlakatimiz badiiy hayotidagi muhim voqealardan biri — O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zoligiga navbatdagi saylov bo‘lib o‘tdi.

Saylov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3219-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 957-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ustavi asosida tashkil etildi.

Saylov jarayoni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ustavida belgilangan talablar va tartiblarga muvofiq ravishda o‘tkazildi.

Saylov teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirildi. Unda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining 31 nafar haqiqiy a’zolari ishtirok etib, har bir haqiqiy a’zo bir ovozga ega bo‘ldi.

Saylov jarayonida shaffoflikni ta'minlash maqsadida 5 nafar haqiqiy a'zodan iborat kuzatuv komissiyasi hamda yana 5 nafar haqiqiy a'zodan iborat sanoq komissiyasi belgilangan tartibda ish olib bordi, ovoz berish natijalari tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zoligi — milliy tasviriy va amaliy san’at, dizayn hamda san’atshunoslik sohalarini o‘zining yirik asarlari bilan boyitgan, ijodiy, ilmiy va pedagogik faoliyati orqali soha taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan ijodkorlarga beriladigan yuksak akademik maqomdir.

Akademiyaning haqiqiy a’zolari zimmasiga san’at va san’atshunoslik sohalarini yanada rivojlantirish, milliy badiiy an’analarni asrab-avaylash va boyitish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda faol ishtirok etish, shuningdek, o‘z ijodiy va ilmiy faoliyati bilan milliy san’atimiz taraqqiyotiga xizmat qilishdek yuksak mas’uliyat yuklanadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi haqiqiy a’zoligiga navbatdagi saylov Ustavda belgilangan talablar va tartiblarga muvofiq ravishda o‘tkazilib, saylov jarayoni belgilangan tartibda yakunlandi.

Saylov yakunlari hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining yangi saylangan haqiqiy a’zolari haqida batafsil ma’lumot rasmiy axborot kanallarimiz orqali e’lon qilinadi.