close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Kecha, 22-oktabr kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, xattot Ulug‘bek Orifjonovning “Sukunatni so‘zlatgan qalam” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi. Ekspozitsiyadan ijodkorning 50 dan ziyod xattotlik asari o‘rin olgan.

Ko‘rgazmada arab yozuvining qadimiy turlaridan biri — kufiy xatida bitilgan Qur’oni karim suralari, duolar va hikmatli so‘zlar asosida yaratilgan nafis kompozitsiyalar namoyish etilmoqda. Geometrik aniqlik, chiziqlar mutanosibligi hamda puxta kompozitsion yechimni talab etuvchi ushbu yozuv ijodkor asarlarida badiiy ifoda vositasi sifatida namoyon bo‘ladi.

Ulug‘bek Orifjonov ijodida “Kufiy mushafiy” va “Kufiy fotimiy” uslublari alohida o‘rin tutadi. Ilk Qur’on qo‘lyozmalariga xos “Kufiy mushafiy” vazminlik, harflar tuzilishidagi aniqlik va ulug‘vorlik bilan ajralib turadi. Fotimiylar davri an’analari bilan bog‘liq “Kufiy fotimiy” uslubida esa harflarning geometrik tuzilishi o‘simliksimon naqshlar va gulsimon bezaklar bilan uyg‘unlashadi. Xattot ushbu uslublarning o‘ziga xos xususiyatlarini rang, shakl va ritm orqali ochib beradi.

Asarlarda oltin va ko‘k, qora va qizil ranglarning o‘zaro uyg‘unligi yozuv hamda bezaklarning ifodaviyligini kuchaytiradi. Harflar, naqshlar va ular orasidagi bo‘shliqlarning mutanosibligi kompozitsiyalarga yaxlitlik bag‘ishlaydi.
 

Ijodkor xattotlik bilan bir qatorda, mumtoz kitobat san’atiga xos shams va unvon bezaklari, shuningdek, zarvaraq kompozitsiyalarini yaratishga ham alohida e’tibor qaratadi. Ekspozitsiyada Hirot va Eron miniatyura maktablari an’analariga tayangan holda ishlangan nafis kompozitsiyalar ham namoyish etilmoqda. Ularda nozik chiziqlar, bezaklarning puxta ishlanishi va ranglar mutanosibligi ijodkorning mahoratini aks ettiradi.

“Sukunatni so‘zlatgan qalam” ko‘rgazmasi Sharq xattotlik va kitobat san’atining boy badiiy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Undagi asarlar tomoshabinni yozuvning mazmuni va shakli, so‘z va tasvir o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida mushohada yuritishga chorlaydi.