1-iyul kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyining kichik ko‘rgazmalar zalida kulol Faniya Dedenyovaning 70 yoshlik yubileyiga bag‘ishlangan “Kulolchilik – umrim mazmuni” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada ijodkorning 100 dan ortiq kulolchilik asarlari namoyish etilmoqda.
Faniya Dedenyova o‘z kasbining mohir ustasi sifatida loydan turli xil badiiy kulolchilik buyumlari yaratadi. U o‘z asarlarida laganlar, idishlar, ko‘zachalar va guldonlar orqali O‘zbekistonning tarixiy obidalari, tabiati va me’morchiligini aks ettiradi. Bu esa uning hayotga bo‘lgan muhabbati va ijodiy ishtiyoqini ifodalaydi.
Shuningdek, ijodkor arxeologik topilmalar asosida qadimiy idish va ko‘zachalarni zamonaviy naqshlar uyg‘unligida qayta tiklashga alohida e’tibor qaratadi.
Faniya Dedenyova respublika va xalqaro ko‘rgazmalar ishtirokchisi bo‘lib, Tallin, Olmaota, Leningrad, Zaporoje, Xarkov kabi shaharlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda o‘zining eng sara asarlari bilan qatnashgan. Uning ayrim ishlari hozirda AQSH, Janubiy Koreya va Germaniyadagi shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi. 2021-yilda o‘tkazilgan **“Tasviriy va amaliy san’at festivali”**da esa u “Eng faol ijodkor” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lib, Diplom bilan taqdirlangan.
Ijodkor shuningdek xayriya ko‘rgazmalarida faol ishtirok etadi.
Ushbu yil kulol 70 yoshni qarshiladi, biroq shunga qaramay u kulolchilik san’atini rivojlantirish va yosh avlodga o‘rgatish borasida tinimsiz mehnat qilib kelmoqda.
⭕️ Ko‘rgazma 12-iyulgacha davom etadi.