O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Badiiy akademiya raisi Akmal Nuridinov hamda Gretsiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Paraskevi Tseveleki xonim o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik istiqbollari, jumladan, almashinuv ko‘rgazmalarida ishtirok etish, qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirish hamda turli madaniy tadbirlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, Gretsiya vakillarining Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali, Zamonaviy san’at biennalesi hamda “Toshkent quvonchlari” xalqaro bolalar rasmlari biennalesida ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasida madaniy-ma’rifiy muassasalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Yaqin kelajakda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Gretsiyadagi qator tegishli muassasalar o‘rtasida bevosita hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng, elchi Badiiy akademiya huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyor-tadqiqotchilarining ijodiy xonalariga tashrif buyurib, ularning ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Tomonlar xalqaro madaniy muloqotni rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.