O‘zbekiston Badiiy akademiyasida tasviriy va amaliy san’at sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan Rossiya Badiiy akademiyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuridinov hamda Rossiya Badiiy akademiyasi prezidenti Vasiliy Tsereteli ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida qo‘shma ijodiy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, tasviriy va amaliy san’at bo‘yicha xalqaro festivallar, zamonaviy san’at biennalesida ishtirok etish, shuningdek, qo‘shma badiiy plenyerlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar professional va institutsional aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar hamda zamonaviy san’atni rivojlantirish va ikki mamlakat rassomlari o‘rtasida ijodiy almashinuvni kengaytirishda xalqaro hamkorlikning muhimligini ta’kidladilar.