Bugun, 11-fevral kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining “Fotorassomlar sho‘basi” a’zolarining an’anaviy hisobot ko‘rgazmasi hamda havaskor fotograflar bilan qo‘shma loyihasi ochildi. Mazkur ko‘rgazma yillar davomida turli avlod va estetik qarashlarga mansub mualliflarni bir makonda jamlab kelayotgan ijodiy platforma sifatida shakllangan.
📸 Ekspozitsiya zamonaviy o‘zbek fotografiyasida kechayotgan badiiy izlanishlar, uslubiy tendensiyalar va konseptual qarashlarning muayyan kesimini namoyon etdi. Unda 22 nafar sho‘ba a’zosi hamda 79 nafar havaskor fotograf ishtirok etib, jami 438 ta asar tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi. Ishtirokchilar geografiyasining kengaygani — AQSh, Isroil, Rossiya va Mongoliyadan mualliflarning qatnashuvi — loyihaning xalqaro madaniy muloqot maydoniga aylanib borayotganini tasdiqlaydi.
📝 Ko‘rgazmada portret, manzara, janr kompozitsiyalari, sport va reportaj fotografiyasi bilan bir qatorda eksperimental yo‘nalishdagi ishlanmalar ham o‘rin oldi. Manzara asarlarida lirizm va realizm uyg‘unligi kuzatilsa, ayrim ishlarda impressionistik kayfiyat hamda yorug‘lik talqinining emotsional yechimlari sezildi. Ba’zi mualliflar milliy madaniyat va ijtimoiy hayot manzaralarini badiiy talqin etishga intilgan bo‘lsa, boshqalari fotografiyaning plastik imkoniyatlari — kompozitsiya, ritm, faktura va yorug‘lik dramatizmini chuqur tadqiq etishga e’tibor qaratgan.
📌 Alohida ta’kidlash joizki, ko‘rgazma doirasida shakllangan ijodiy muloqot muhiti tajribali ustalar bilan endigina shakllanib kelayotgan mualliflar o‘rtasidagi uzviylikni namoyon etdi. Turli estetik pozitsiyalar va individual badiiy qarashlarning bir makonda jamlanishi fotografiyani dinamik va uzluksiz rivojlanayotgan san’at turi sifatida talqin etish imkonini berdi.
✅ Mazkur ko‘rgazma nafaqat hisobot xarakteriga ega loyiha, balki zamonaviy fotografik tafakkurning bugungi holatini aks ettiruvchi konseptual maydon sifatida ham muhim ahamiyat kasb etdi.