2026-yil 6-fevral kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida hazrat Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hamda buyuk musavvir Kamoliddin Behzod tavalludiga bag‘ishlangan “So‘z, tasvir va saltanat daholari” ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan yaratilgan 40 ta asar namoyish etilmoqda.
Besh asrdan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, buyuk shoir, ma’rifatparvar va davlat arbobi Alisher Navoiy asarlarida ko‘tarilgan muhabbat va ma’naviyat, do‘stlik va sadoqat, odob-axloq va bilim, insonparvarlik va adolat, o‘zini xalq va davlatga bag‘ishlash, diniy-tasavvufiy mavzular bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Ushbu mavzular hamon zamonaviy jamiyatimiz uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hazrat Navoiy tavalludining 585-yilligi mamlakatimizda keng nishonlanayotgan shu kunlarda *“Xamsa”*dagi o‘lmas obraz va g‘oyalar yosh miniatyurachi rassomlar ijodida hamon yashab kelayotgani, ayniqsa, quvonarlidir. Ko‘rgazmada “Xamsa” turkumidagi “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” dostonlari va boshqa o‘lmas asarlaridan ilhomlanib yaratilgan ijod ishlari namoyish etilmoqda.
Sharq miniatyurasida mustahkam o‘rnashib olgan Navoiy syujetlarini talqin qilishning kanonik an’anasi bilan bir qatorda, yangi va noodatiy mualliflik yondashuvi bilan ajralib turadigan yosh rassomlarning asarlari alohida qiziqish uyg‘otadi. Ular orasida Raufova Faridaning “Bahrom va Moniy suhbati”, “Bahrom Diloromni kutib olishi” asarlari ildizi qadimgi davrlarga borib taqaladigan Xitoy gravyurasi uslubidan foydalanib, yorqin kontrast ranglar gammasida bajarilgan. Butunlay boshqacha yondashuv uning “Saddi Iskandariy” turkumida (“Iskandar va Doro o‘rtasidagi suhbat”, “Doronining o‘limi”) namoyon bo‘ladi. Bu yerda iliq oxra ranglari qora kontrast kolorit bilan hamohang bo‘lib, an’anaviy miniatyura san’atida qo‘llaniladigan ipak qog‘ozning tabiiy fakturasi bilan uyg‘unlashadi.
Bu asarlarda, ayniqsa, rassomning liboslarga bo‘lgan qiziqishi yaqqol ko‘zga tashlanadi: qadimgi Eron shohining kiyimlari nozik detallar bilan ifodalangan, Iskandar Zulqarnayn esa temuriylar davri libosida tasvirlangan, bu esa miniatyuralarga alohida nafislik baxsh etadi.
“Tarx” (grizayl) texnikasining qalamtasviri Abbosbek Normatovning “Hayrat ul-abror” mavzusiga bag‘ishlangan asarida rangtasvir uslubi bilan uyg‘unlashib ketadi. Kompozitsiya shartli ravishda ikki qismga bo‘linadi: o‘ng tomonda marhum Iskandar Zulqarnayn qo‘lini cho‘zib, uning tepasida farishta parvoz qilmoqda, chap tomonda esa shohga aza va motam tutayotgan mulozimlar tasvirlangan. Muallif tomonidan mohirona tanlangan kompozitsiyaning qora foni sahna dramatizmini kuchaytiradi.
Alisher Navoiy haqli ravishda “Sharq Rafaeli” deb nom olgan buyuk miniatyura ustasi Kamoliddin Behzodning ijodiy shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Ko‘rgazmada Kamoliddin Behzod asarlarining ko‘plab nusxalari namoyish etilgan bo‘lib, ular nafaqat musulmon Sharqi, balki butun jahon hamjamiyatining eng boy badiiy merosini tashkil etadi. Behzodning asarlari dunyoning eng yirik kolleksiyalarini (AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Eron, Turkiya, Rossiya) bezab turibdi, uning ijodi esa XX asr Yevropa san’atiga katta ta’sirini ko‘rsatdi.
San’atshunoslarning ta’kidlashicha, Anri Matiss Kamoliddin Behzod miniatyuralarini ilk bor ko‘rib: “Islom san’atida bunday xazinalar borligini bilmagan ekanman!” — deb hayratga tushgan. Bu esa Yevropaning mashhur ijodkori tomonidan Sharq miniatyurachi iste’dodining buyukligini e’tirofi edi.
Alisher Navoiy va Kamoliddin Behzod Zahiriddin Muhammad Bobur bilan shaxsan tanish bo‘lmasalar-da, ularni bir-birlarining iste’dodlariga hurmat va e’tirofda namoyon bo‘lgan ma’naviy va madaniy yaqinlik rishtalari bog‘lab turadi. Bobur o‘zining “Boburnoma” memuar asarida Sulton Husayn saroyida xizmat qilgan kitobdorning mahoratiga yuksak baho berib, “Musavvirlardin Behzod, musavvirlik ishini bisyor nozik qilar erdi”, deb yozgan.
Hindistonda kitob san’atining gullab-yashnashi uch asrdan ortiq hukmronlik qilgan Boburiylar imperiyasining asoschisi Bobur nomi bilan bog‘liq. Temuriylar avlodi Hirotda ta’lim olgan ustalarni yangi mamlakatga olib keldi, bu qo‘lyozma va miniatyura san’atining rivojlanishiga, shuningdek, detallarning nozikligi va realistik tasvirga intilishi bilan ajralib turadigan Boburiylar maktabining shakllanishiga hissa qo‘shdi.
Ko‘rgazmada o‘rin olgan “Boburnoma” asariga bag‘ishlanib hind miniatyura maktabi uslubida yaratilgan illyustratsiyalar fikrimizning yorqin dalilidir. Maftuna Kalbayevaning “Bobur hayoti” lirik asarida Bobur sozandalar qurshovida taxtda o‘tirgan donishmand hukmdor hamda qo‘lyozmalarini bahorning mayin shabadasi uchirib ketayotgan shoir obrazlarida o‘z aksini topgan.
Saroy hayotida san’at alohida o‘rin egallagan. Shu bois tadbir davomida badiiy muhitni yanada boyitish maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talabalarining chiqishlari, shuningdek, xattotlik va “abru-bahor” — kitob sahifalarini bezash san’ati bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod va Zahiriddin Muhammad Bobur — Sharqning buyuk daholari bo‘lib, ularning nomi va shuhrati asrlar osha zamon va makon chegaralarini yorib o‘tdi. Ularning bebaho merosi insoniyat qalbini to‘lqinlantirib, ilhom manbaiga aylanib kelmoqda. Bu ulug‘ shaxslar yaratgan so‘z sehri, betakror tasvir va qudratli saltanat nafaqat islom Sharqi, balki butun jahon madaniyati va san’ati tarixida ham o‘chmas iz qoldirgan.