close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Respublika ilmiy-amaliy seminarining ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur so‘zga chiqib, mamlakatimizda badiiy ta’lim tizimini rivojlantirish, uning mazmun-mohiyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda yosh avlodning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi.

O‘z nutqida Akademiya raisi badiiy ta’lim — bu nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, balki milliy san’at va madaniyatimizning davomiyligini ta’minlash, estetik tafakkuri yuksak, ijodiy fikrlaydigan va Vatanga munosib yosh avlodni tarbiyalashning muhim omili ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, bugungi globallashuv va tezkor o‘zgarishlar davrida badiiy ta’lim oldida turgan vazifalar haqida to‘xtalib, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish, ijodiy ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning professional salohiyatini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning xalqaro maydonga chiqishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligini qayd etdi.

Akmal Nur, shuningdek, badiiy ta’lim sohasida yillar davomida fidokorona mehnat qilib, uning rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ustoz va mutaxassislarning xizmatlarini alohida e’tirof etdi. Zero, bugungi san’at va ta’lim yutuqlarining zamirida ko‘p yillik tajriba, ustozlarning zahmatli mehnati va yosh avlodga berayotgan bebaho saboqlari mujassam.

🏆 Seminar doirasida badiiy ta’lim va san’at sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan, o‘zining fidoyiligi, kasbiy mahorati va jamoat ishlaridagi faolligi bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh mutaxassislarni “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Mukofotlarni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur tantanali ravishda topshirdi.

🏅 Shuningdek, tadbir davomida badiiy ta’lim va san’at sohasidagi xizmatlari uchun bir guruh mutaxassislarga O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Oltin medali topshirildi.

Respublika seminarini tashkil etish va o‘tkazilishida faol ishtirok etgan, tadbirning yuqori saviyada o‘tishiga o‘z hissasini qo‘shgan faol ishtirokchilarga tashakkurnomalar topshirildi.

Mazkur e’tirof va tashakkurlar badiiy ta’lim va san’at rivojiga hissa qo‘shayotgan ustoz va mutaxassislar, shuningdek, seminarni tashkil etishda faol ishtirok etganlarning mehnatiga berilgan munosib baho bo‘ldi.

Bugun ta’lim va san’at sohasida yaratilayotgan har bir yutuq — ustozlarning ko‘p yillik tajribasi, fidokorona mehnati va yosh avlodga bo‘lgan ishonchining samarasidir.

“Badiiy ta’limni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi Respublika seminari o‘z ishini davom ettirmoqda.