close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Kecha, 22-oktabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, rassom Komiljon Kambarovning “Cho‘qqilardagi sehrli olam” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Komiljon Kambarov — rassom, pedagog va murabbiy sifatida Namangan viloyatida badiiy ta’lim hamda ijodiy muhit rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ijodkor. U ko‘p yillik pedagogik faoliyati davomida o‘z bilim va tajribasini yosh rassomlarga o‘rgatib kelmoqda. 2015-yildan buyon O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi sifatida hududdagi ijodiy jarayonlarni rivojlantirish, rassomlarni qo‘llab-quvvatlash va badiiy an’analarni davom ettirish yo‘lida faoliyat yuritmoqda.

Ijodkor 1961-yilda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on shahrida tavallud topgan. Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatini tamomlab, A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutining interyer va jihozlash yo‘nalishida tahsil olgan. Turli yillarda Uchqo‘rg‘on shahri bosh arxitektori, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Namangan ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati direktori hamda pedagog sifatida mehnat qilgan. Xalqaro, respublika va hududiy ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan akvarel texnikasida ishlangan manzaralar, portretlar va mavzuli kompozitsiyalar o‘rin olgan. Ushbu asarlar rassom ijodining serqirraligi, rang va shakl bilan ishlashdagi o‘ziga xos yondashuvini aks ettiradi. Ularda shaffof bo‘yoq qatlamlari, mayin rang o‘tishlari va jo‘shqin rangtasvir yechimlari uyg‘unlashgan.

Tabiat holati va kayfiyatini realistik talqinda ifodalovchi manzaralar bilan bir qatorda, rang, ritm hamda hissiy ifoda ustuvor bo‘lgan abstraksiyaga yaqin erkin kompozitsiyalar ham namoyish etilmoqda. Bu esa tomoshabinga ijodkorning badiiy izlanishlari va akvarelning keng ifoda imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.