Bugun, 26-fevral kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi tinglovchilarining “Chizgilar dialogi” nomli hisobot ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma Markaz faoliyatining yillik hisobot tadbiri sifatida tashkil etilgan bo‘lib, unda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilar tomonidan yaratilgan ijodiy ishlar namoyish qilindi.
Ko‘rgazmadan ko‘zlangan asosiy maqsad — tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan pedagog hamda mutaxassislarning kasbiy mahoratini namoyish etish, ularning ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy badiiy ta’lim jarayoniga yangi yondashuvlarni targ‘ib etishdan iborat.
Ekspozitsiyada tasviriy san’atning rangtasvir yo‘nalishida realizm va avangard uslubida yaratilgan ijodiy ishlar o‘rin olgan. Har bir asarda mualliflarning individual uslubi, badiiy tafakkuri va zamonaviy san’atga bo‘lgan qarashlari o‘z ifodasini topgan. Ko‘rgazmada jami 42 ta maishiy, manzara, portret va avangard janrlarida yaratilgan asarlar namoyish etilmoqda. Ularda kundalik hayot lavhalari, tabiat go‘zalligi va inson qalbining nozik kechinmalari badiiy talqinda aks ettirilgan. Har bir asar o‘ziga xos kompozitsion yechim, ranglar uyg‘unligi hamda individual ijodiy yondashuvi bilan ajralib turadi.
Mazkur ko‘rgazma nafaqat hisobot xarakteriga ega, balki tajriba almashish, yangi g‘oyalar va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash uchun ham muhim maydon vazifasini o‘tamoqda. Ushbu tashabbus mamlakatimizda badiiy ta’lim sifatini oshirish, pedagog kadrlarning professional ijodiy salohiyatini yuksaltirish hamda milliy san’at an’analarini zamonaviy talqinlarda rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘rgazma joriy yilning 4-mart sanasiga qadar davom etadi.