close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi, professor Akmal Nur Gruziyada bo‘lib, Tbilisi davlat badiiy akademiyasiga tashrif buyurdi.

Mehmon Gruziya poytaxti Tbilisida joylashgan ushbu sanʼat-taʼlim muassasasining tarixi va bugungi kundagi amaliy faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Gruziya rassomi, sanʼat arbobi Apollon Kutateladze (1899–1972) nomi bilan atalgan Tbilisi davlat badiiy akademiyasi Tasviriy sanʼat, Arxitektura, Restavratsiya va sanʼat tarixi, Dizayn hamda Media sanʼati kabi 5 ta fakultetdan iborat.

Akademiya 1922-yil 8-mart sanasida tashkil etilgan bo‘lib, Kavkazdagi birinchi oliy badiiy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

U 1902-yilda gruzin meʼmori Simon Kldiashvili boshchiligida taʼmirlangan tarixiy binoda faoliyat yuritib kelmoqda.

Tasviriy sanʼat sohasida O‘zbekiston va Gruziya hamkorligi so‘nggi yillarda yanada mustahkamlanib bormoqda. O‘zbek va gruzin rassomlari hamda haykaltaroshlari ikki tomonlama ijodiy loyihalarda faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur va hamkasblari o‘rtasidagi muloqotda badiiy taʼlim va tasviriy sanʼat yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Rais Akmal Nur Gruziya rassomlarini joriy yil Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesida ishtirok etishga taklif etdi.

Shuningdek, Tbilisi davlat badiiy akademiyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘rtasida badiiy taʼlimda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashga kelishib olindi.

Muloqot yakunida Akmal Nur akademiya kutubxonasiga O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan chop etilgan qimmatli kitoblar va adabiyotlarni tuhfa qildi.