close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston: mahalla–an’analar–insoniy qadriyatlar” mavzusida respublika miqyosidagi rangtasvir asarlari tanlovi o‘tkaziladi.

Mazkur tanlov mahallalarimizning milliy qadriyat va an’analarni asrab-avaylashdagi o‘rnini badiiy talqin etish, yoshlar ongida Vatanga muhabbat, insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tuyg‘ularini mustahkamlash, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar hamda tinch va farovon hayotni rangtasvir asarlari orqali aks ettirish, shuningdek, iqtidorli va tajribali ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Tanlov tasviriy san’atning rangtasvir yo‘nalishida o‘tkaziladi. Unda 21 yoshdan boshlab barcha tajribali ijodkorlar ishtirok etishlari mumkin. Ijodiy ishlar plener jarayonida yaratiladi hamda 10 ballik tizim asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi. Baholash mezonlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi: asarning g‘oyaviy-badiiy saviyasi, kompozitsion yechimi, ranglar uyg‘unligi, texnik mahorat va mavzuning to‘laqonli ochib berilishi.

Ishtirok etish istagida bo‘lgan ijodkorlar belgilangan muddatga qadar ariza-anketa hamda o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni Tashkiliy qo‘mitaga taqdim etishlari lozim. Plener o‘tkaziladigan joy va sana haqida qo‘shimcha ravishda rasmiy e’lon beriladi.

Tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda taqdirlanadi:
1-o‘rin — avtomobil va diplom;
2-o‘rin — 50 000 000 so‘m va diplom;
3-o‘rin — 30 000 000 so‘m va diplom.

Shuningdek, barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi.