Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, miniatyurachi rassom Shorasul Shoahmedovning “Kichik hajmga jo bo‘lgan buyuk muhabbat” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Ko‘rgazmada muallifning shaxsiy kolleksiyasi, shuningdek, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi fondidagi 40 dan ortiq asarlar namoyish etilmoqda.
Shorasul Shoahmedov 1970-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan.U Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, O‘zbekiston xalq ustasi Niyozali Xolmatov qo‘l ostida tahsil olib, 1989-yilda o‘qishni tamomlagan. Rassom ko‘plab respublika va xalqaro ko‘rgazmalarning faol ishtirokchisidir. Uning asarlari O‘zbekiston Davlat amaliy san’at muzeyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi to‘plamlarida, shuningdek, xorijiy davlatlar — Ozarbayjon, Rossiya, Koreya, Fransiya, Germaniya, Angliya, Avstriya, Belgiya, Shveysariya, Yaponiya va AQShdagi shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi.
Shorasul Shoahmedov asarlari repertuari o‘zining boyligi va rang-barangligi bilan ajralib turadi. Musavvir ijodida nazokatli otlar, qo‘g‘irchoqbozlar va sayyoh darvishlar, Sharq go‘zallari hamda oshiqlar obrazlari muhim o‘rin tutadi.
Rassom ijodida Sharq she’riyati — Alisher Navoiy, Nizomiy va Umar Xayyom asarlari alohida ahamiyat kasb etib, uni nafis va ramziy badiiy obrazlar yaratishga ilhomlantiradi. Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan “Farhod va Shirin” turkumidagi asarlarda muallif nozik plastik chizgilar, detallarning puxta ishlanishi, iliq va sovuq ranglar uyg‘unligi orqali buyuk Alisher Navoiyning muhabbat lirikasini badiiy talqin etadi.
Musavvir miniatyuralarida erksevar otlarga bo‘lgan muhabbat alohida o‘rin egallaydi. Charchagan tulporlarning harakati va ichki dinamizmi “Otlar podasi” kompozitsiyasida yorqin ifodalangan. Qizil osmon, moviy suv va o‘xra rangli tuproq fonida rassom turli zotdagi otlarni charchagan bo‘lsa-da, shiddatli yugurishdan to‘xtamayotgan holatda tasvirlaydi.
Eng mayda fon buyumlariga bo‘lgan e’tibor va puxta detallash “Nikoh o‘qitish” janr kompozitsiyasi (qutichasi)da yaqqol namoyon bo‘ladi. Unda rassom bog‘ga ochilgan yog‘och eshikning o‘yma naqshlari, orqa fondagi gulli naqshlar bilan bezatilgan so‘zana, shuningdek, erkak figuralari boshidagi salla burmalarini mahorat bilan tasvirlaydi. Bu unsurlar Sharqona an’analarning boyligini ochib berib, voqelikning tantanavor muhitini yaratadi.
“Oshiqlar” miniatyurasi o‘zining iliqligi va nozikligi, portret rangtasviri hamda dekorativ bezaklarning nafisligi bilan ajralib turadi. Unda Shorasul Shoahmedov gul ko‘targan qiz va oy yuzli go‘zalga muhabbat ramzi bo‘lgan olmani uzatayotgan yigit obrazini yuksak badiiy mahorat bilan gavdalantiradi.
Rassomning sevimli mavzularidan biri — inson qiyofasidagi qo‘g‘irchoqlarni harakatga keltiruvchi qo‘g‘irchoqbozlarning falsafiy obrazidir. Ushbu tashbeh orqali muallif hayot — teatr, undagi insonlar esa o‘zlariga atalgan rollarni ijro etayotgan aktyorlar ekanligiga ramziy ishora qiladi.
Miniatyurachi rassom Shorasul Shoahmedov O‘zbekiston zamonaviy miniatyura san’atida o‘ziga xos, darhol tanib bo‘ladigan individual uslubga ega. Uning ijodi chiziqlarning nozikligi, kompozitsiyaning shartliligi, detallarning puxta ishlanishi va toza ranglar qo‘llanilishi bilan ajralib turadi. Har bir asarda rassomning kasbiga bo‘lgan cheksiz muhabbati seziladi. Miniatyura an’anaviy ravishda kichik formatga ega bo‘lsa-da, u tomoshabinga muallifning ulkan va mehrga to‘la qalbini namoyon etadi. Ushbu muhabbatni rassom shogirdlariga saxiylik bilan ulashib, ularga san’at sirlarini o‘rgatib, Sharq miniatyura an’anasini izchil davom ettirmoqda.