2026-yil 28-aprel kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon-saroyida rassom Umar Rajabovning “Yopiq eshik” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada rassomning so‘nggi ikki yil davomida yaratilgan yangi asarlari namoyish etilmoqda. Ushbu loyiha uning yettinchi shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib, ijodkorning ijodiy yo‘lining yangi bosqichi sifatida baholanadi. Bu bosqichda rassom nafaqat an’analarga murojaat qiladi, balki tarixni shaxsiy tajriba va kasbiy o‘sish prizmasi orqali qayta idrok etadi.
🎨 “Yopiq eshik” ko‘rgazmasi — tarixiy xotiraning badiiy tadqiqoti sifatida talqin etiladi. Undagi markaziy metafora — “yopiq eshiklar” — yo‘qolgan bilimlar, unutilgan davrlar va zamonaviylikka ta’sir ko‘rsatayotgan madaniy qatlamlar ramzini ifodalaydi.
Asarlarda Markaziy Osiyo, xususan Xorazm mintaqasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu hudud qadimdan madaniyat va ilm-fan beshigi, “ming qal’alar mamlakati” sifatida tanilgan bo‘lib, Amudaryoning quyi oqimidagi noyob sug‘orish tizimi orqali shakllangan madaniy makon sifatida tasvirlanadi.
💡 Ko‘rgazma mazmuni bugungi kun uchun ham dolzarb bo‘lib, unda “tarixni unutmagan holda o‘z tariximizni o‘zimiz yozish” g‘oyasi ilgari suriladi.