close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

📅 21-aprel kuni Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasida Xalqaro TURKSOY yosh rassomlarining “Turkiy dunyo: yagona ruh, turfa ranglar” nomli ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

💬 Mazkur tadbir turkiy xalqlarning boy madaniy merosi, umumiy tarix va zamonaviy badiiy izlanishlarni namoyon etuvchi nufuzli xalqaro madaniy voqea hisoblanadi. TURKSOYturkiy davlatlar oʻrtasida madaniy hamkorlikni mustahkamlash, milliy anʼanalarni asrab-avaylash hamda ularni jahon hamjamiyatiga targʻib qilishda muhim oʻrin tutuvchi xalqaro tashkilotdir.

“TURKSOY rassomlar uchrashuvi” anʼanaviy tarzda oʻtkazilib, Oʻzbekistonda 4 marotaba turkiy mamlakatlar ijodkorlarini birlashtirib kelmoqda. U ijodiy muloqot, tajriba almashish va doʻstona aloqalarni rivojlantirish uchun samarali platforma vazifasini bajaradi.

Mazkur ko‘rgazma turkiy tilli xalqlarning ertangi sanʼatini belgilovchi yosh va istiqbolli rassomlar uchun ijodiy maydonga aylandi. “Turkiy dunyo: yagona ruh, turfa ranglar” loyihasi tajriba almashish, shuningdek, umumiy qadriyatlar va zamonaviy dunyoqarashni sanʼat tilida ifodalash maqsadida tashkil etildi.

Joriy yilgi ko‘rgazmada Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkiya hamda Oʻzbekistonning yosh va iqtidorli rassomlari asarlari namoyish etilmoqda. Ekspozitsiya rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik yo‘nalishlarini qamrab olib, unda milliy anʼanalar, zamonaviy badiiy yondashuvlar va individual ijodiy izlanishlar uyg‘unligi aks etgan.

Ko‘rgazma ishtirokchilari orasida Jayxun Murshudov, Billyura Alakbarli, Akmaral Kajibek, Asqar Nurbolat, Olga Suncheleeva, Tolobek Sheyshenaliev, Mehmet Oʻzkartal, Mina Sevinch, Ali Sidikov, Gurban Babatajov, shuningdek, Kamoliddin Xazratkulov, Malika Yunusova, Tamilla Bismaxova, Zuhriddin Qiyomov, Xojiakbar Nazirov, Dilbek Tuxtakulov, Almas Yakubov, Isomiddin Eshonqulov, Nigina Mirzadjanova, Farid Sattarov, Yoqub Beknazarov va Sardor Erkinov kabi ijodkorlar bor. Ularning asarlarida turkiy xalqlarning umumiy ruhi, madaniy yaqinligi va rang-barang badiiy tafakkuri yorqin ifodalangan.

Ekspozitsiyada ishtirok etayotgan har bir ijodkor o‘z xalqining tarixiy ildizlarini zamonaviy talqinda taqdim etadi. Jumladan, Jayxun Murshudovning akademik mahorati va milliy ruhdagi kompozitsiyalari, Asqar Nurbolat asarlaridagi dasht erkinligi va ko‘chmanchilar madaniyati talqini, Tolobek Sheyshenaliev ijodidagi togʻlar sokinligi va falsafiy teranlik eʼtiborni tortadi.

Shuningdek, Mehmet Oʻzkartal va Mina Sevinch Anadolu sanʼati naqshlarini zamonaviy grafika va rangtasvir bilan uyg‘unlashtirgan bo‘lsa, Olga Suncheleeva asarlarida madaniy uyg‘unlik va estetik nazokat namoyon bo‘ladi. Yoqub Beknazarov ijodida portret janri, Sardor Erkinov ishlarida esa o‘ziga xos uslub alohida ajralib turadi.

Mazkur ko‘rgazmaturkiy xalqlar sanʼatining davomiyligini taʼminlovchi yosh kuchlar birlashuvidir. Bu yerda taqdim etilgan asarlar umumiy tarix, maʼnaviy yaqinlik va goʻzallikka intilish orqali birlashgan yosh rassomlar ruhini ifodalaydi.

Ko‘rgazma nafaqat sanʼat ixlosmandlari, balki keng jamoatchilik uchun ham turkiy dunyo madaniyati, uning tarixi va zamonaviy talqini bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, u ijodkorlar hamjihatligini mustahkamlash, yangi gʻoyalar shakllanishi va xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.