Joriy yilning 20-dekabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida bir vaqtning o‘zida ikki nafar iste’dodli rassom — O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyor-tadqiqotchisi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, yosh rangtasvirchi Jahongir Abdullaevning “Yer nafasi” hamda Ozarbayjon Rassomlar uyushmasi a’zosi, grafik san’at ustasi Namiq Ismayilzadening “Ruhin sedasi” nomli shaxsiy ko‘rgazmalari san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola etildi.
Jahongir Abdullaevning “Yer nafasi” nomli ko‘rgazmasida ijodkorning 50 ga yaqin rangtasvir asarlari va 7 ta etyudi namoyish etildi. Bugungi kunda faol ijod qilib kelayotgan rassom O‘zbekiston Badiiy akademiyasining umidli stajyorlaridan biri bo‘lib, uning asarlarida tabiat mavzusi chuqur badiiy-falsafiy talqinda namoyon bo‘ladi. Ekspozitsiyadagi rangtasvir asarlar tomoshabinni ona-yerning sokin nafasi, tin olgan holati bilan yuzlashtirib, tabiatning pokiza va daxlsiz qiyofasini butun vujud bilan his etishga chorlaydi.
Rassom inson va jonivorlar obrazidan ongli ravishda voz kechib, tabiatni sof va o‘z-o‘ziga sohib bo‘lgan holatda tasvirlashga intiladi. Bu haqda u shunday deydi:
“Kartinalarimda odamlar yo‘q. Hatto hayvonlar ham tasvirlanmagan. Men tabiatni daxlsiz, pokiza va o‘z ovoziga ega bir borliq sifatida ko‘rsatmoqchiman. Tabiat o‘z nafasini, o‘z fitratini o‘zgartirmasdan namoyon etsin, deb istadim.”
Asarlarning kompozitsion tuzilishi, ranglar uyg‘unligi va shakllarning mahobati makon tafti, zamon sokinligi va qiyofaning muhtashamligini chuqur his etishga imkon beradi.
Shu bilan birga, Namiq Ismayilzadening “Ruhin sedasi” nomli ko‘rgazmasida rassomning 22 ta grafika va 5 ta rangtasvir asari namoyish etildi. Ekspozitsiyaning asosiy qismini yagona nusxadagi grafik asarlar tashkil etib, ular nozik ijro uslubi va falsafiy mazmuni bilan ajralib turadi. Grafika san’ati qadimiy an’analar, antik davrga xos badiiy tafakkur va ichki kechinmalarni ifodalash vositasi sifatida ushbu asarlarda o‘zining mukammal ifodasini topgan.
Namiq Ismayilzade grafik asarlarini, asosan, qog‘ozda rapidograf va siyoh yordamida yaratib, nozik chiziqlar, nafis shtrixlar va birgina rang dog‘lari orqali fazoviy makon va yorug‘likni mahorat bilan ochib beradi. Uning asarlaridagi obrazlar ruh bilan bog‘liq bo‘lib, qushlar, kapalaklar, baliqlar va gullar timsolida pokiza va ozod ruhlar shaffof havo yoki suv bag‘rida suzib yurgandek tasavvur uyg‘otadi. “Dengiz”, “Bahor” (diptix), “Kapalak” turkumi, “Akvarium” hamda “Borliq. Mushohada” nomli asarlar turkumi buning yorqin dalilidir.
Muallifning grafika va rangtasvir asarlarida tanlangan mavzular mohiyatan falsafiy-ruhiy va badiiy-estetik makonni ifodalaydi. Ranglar va rangsizlik o‘rtasidagi uyg‘unlik orqali yaxlitlik, abadiylik va o‘tkinchilik singari nomoddiy tushunchalar nafis plastik chiziqlar, vertikal va gorizontal shtrixlar vositasida talqin etiladi.
Bir makon va bir vaqtda ochilgan ushbu ikki ko‘rgazma Toshkent fotosuratlar uyida rangtasvir va grafika san’atining o‘zaro uyg‘unligini namoyon etib, tomoshabinni tabiat va ruhiyat olamiga yetaklovchi badiiy makonga aylantirdi.