Bugun, 27-mart kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, iste’dodli rassom Mas’ud Xolovning “Alp Turon izidan” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada rassomning rangtasvir asarlari, eskiz va qoralamalari, shuningdek bolalikda yaratgan dastlabki ishlari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma nomi turk an’analariga ishora qiladi: “alp” — qahramon, “Turon” esa Markaziy Osiyoning tarixiy-madaniy makonini anglatadi. Bu orqali muallif tarixiy ong, o‘zlikni anglash va meros tushunchalarini badiiy ifodalaydi.
Rassom ijodi Turon va Turkiston tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda asrlar davomida shakllangan madaniy an’analar, xalqlar taqdiri va buyuk shaxslar hayoti aks etadi. Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur siymosi rassom ijodida markaziy o‘rin egallaydi.
Mas’ud Xolov tarixiy material bilan ishlashda yozma manbalar, ilmiy tadqiqotlar, miniatyuralar va tasviriy yodgorliklardan foydalanadi. Bu esa unga nafaqat tashqi qiyofani, balki qahramonlarning ichki dunyosi va xarakterini ham ochib berish imkonini yaratadi.
Ko‘rgazmada Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk siymolar portretlari alohida o‘rin tutadi. Muallif ularning obrazlarini badiiy talqin va tarixiy haqqoniylik uyg‘unligida namoyon etadi. Shu bilan birga, asarlar orasida ayol siymolari ham mavjud bo‘lib, ular orqali ayollarning tarixiy o‘rni va qadr-qimmati yoritiladi.
Rassom rangtasvir texnikasini mukammal egallagan holda, akademik aniqlik va ramziy ifodani uyg‘unlashtiradi. Asarlarda naqsh, me’moriy unsurlar va inson qiyofasi o‘zaro bog‘lanib, yagona badiiy makon hosil qiladi. Shuningdek, ko‘rgazmada tarixiy me’moriy majmualarni tiklashga bag‘ishlangan ishlar ham o‘rin olgan.
Mas’ud Xolov uchun o‘tmish — bitmas-tuganmas ilhom manbai bo‘lib, uning asarlari orqali davrlar o‘rtasida o‘ziga xos muloqot yuzaga keladi.
Ko‘rgazma tomoshabinni shaxs, vaqt va madaniy xotira haqida chuqur mulohaza yuritishga chorlaydi.