Har yili 27-iyun mamlakatimizda “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Ushbu kasb bayrami jurnalistlar, matbaa va nashriyot sohasi vakillari, televideniye va radio ijodkorlari, internet nashrlari faollari hamda soha faxriylariga bag‘ishlanadi.
Mazkur sana munosabati bilan iste’dod, yuksak mahorat va fidokorona mehnati bilan jamiyat taraqqiyoti hamda soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan insonlar e’tirof etiladi.
25-iyun kuni Toshkent fotosuratlar uyida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan “Arxiv sahifalaridagi jurnalistika tarixi” nomli arxiv hujjatlari fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan 1930–2025-yillarga oid hamda O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan taqdim etilgan, mamlakatimiz matbuoti va ommaviy axborot vositalari tarixini aks ettiruvchi 100 dan ortiq fotohujjat namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo‘ldoshev va jurnalist Nasiba Ibragimovaning shaxsiy fondlaridagi noyob fotohujjatlar ham ekspozitsiyadan o‘rin oldi.
Ekspozitsiyada jurnalistlarning ijodiy faoliyati, intervyu va suhbatlar, gazeta va jurnal tahririyatlari, teleradio studiyalari, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni tayyorlash jarayonlari, davra suhbatlari hamda matbuot anjumanlarini aks ettiruvchi suratlar namoyish qilindi.
Shuningdek, televideniye va radioning ilk suxandonlari, rejissyorlari, operatorlari, taniqli boshlovchilari va jurnalistlarining kasbiy faoliyatini yorituvchi tarixiy fotomateriallar ko‘rgazmaning muhim qismiga aylandi. Jumladan, ekspozitsiyadagi eng qadimiy va qimmatli eksponatlardan biri — 1931-yilda radio boshlovchisining jonli efirdagi faoliyati aks etgan fotohujjatdir.
Mazkur fotoko‘rgazma milliy jurnalistikamizning boy tarixini keng jamoatchilikka namoyish etish, soha vakillarining mashaqqatli va sharafli mehnatini e’tirof etish hamda arxiv hujjatlarining tarixiy ahamiyatini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.