close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 4-may kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida ruminiyalik rassom Leliya Rus-Pirvanning “Melanxoliya” nomli ko‘rgazmasi ochildi.

Ekspozitsiyada rassomning 20 ta grafik asari namoyish etilib, unda jom (qadah) obrazi markaziy badiiy timsol sifatida talqin qilinadi. Ushbu obraz orqali muallif insonning ichki dunyosi, xotira, o‘z-o‘zini anglash va yangilanish jarayonlarini ifodalaydi. Oddiy predmetdan ramziy shaklga aylangan jom kechinmalarni mujassam etuvchi vosita sifatida namoyon bo‘ladi.

Ko‘rgazma konsepsiyasi tashqi kuzatuvdan ichki tajribaga o‘tish g‘oyasiga qurilgan bo‘lib, unda moddiy va ramziy olam, mavjudlik va yo‘qlik o‘rtasidagi bog‘liqlik badiiy yechimlarda aks etadi. Bu jihatdan asarlar tomoshabinni o‘z ichki olami bilan muloqotga chorlaydi.

Ranglar palitrasida moviy rang yetakchi o‘rin tutib, u cheksizlik, sokinlik va mushohada timsoli sifatida talqin etiladi. Shu bilan birga, ushbu rang o‘zbek madaniyatiga xos ramziy ma’nolar bilan uyg‘unlashib, asarlarga chuqur ma’no bag‘ishlaydi.

Ko‘rgazma melanxoliyani passiv holat emas, balki ichki tafakkur va o‘zini anglash jarayonidagi muhim bosqich sifatida yoritadi.

Ko‘rgazma 10-mayga qadar davom etadi.