Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Dilning sadosi” — yosh iste’dodlar qalbidan jaranglagan ranglar uyg‘unligi
🎨 Bugun, 8-oktabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajor-tadqiqotchilari hamda Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari bo‘lgan istiqbolli to‘rt nafar yosh rassom — Zuhriddin Qiyomov, Temur Lashenov (akademik Fayzullo Ahmadaliyev ustaxonasi), Mirvohid Mirsaidov (akademik Sobir Rahmetov ustaxonasi) va Bobur Vahobjonov (akademik Muhammadiyor Toshmurodov ustaxonasi)ning “Dilning sadosi” nomli guruh ko‘rgazmasi ochildi.
🖼 Ko‘rgazmada taqdim etilgan asarlar yosh ijodkorlarning professional mahorati ortib borayotganini yaqqol namoyon etadi. Ekspozitsiyadagi asarlarning mavzu tanlovi, kompozitsion tuzilishi va rang yechimlari o‘zaro uyg‘unlikda bo‘lib, bir-birini to‘ldirib boradi. Har bir ijodkor o‘z ichki dunyosini ramziy obrazlar, qiyofalar va ranglar orqali ifodalashga intilgan.
🫥 Zuhriddin Qiyomovning “Muloqot” nomli asarida bo‘ri obrazi gumanistik ma’no kasb etadi. Go‘yoki u tomoshabin bilan muloqotga kirishadi, unga tik qaraydi. Muallif bu obraz orqali qiyofa va rangga kompozitsiyaning mazmuniy og‘irligini yuklagan.
🫥 Temur Lashenovning “Qadrdon uy” nomli ishi butunlay boshqa ruhda talqin etilgan. Ulkan daraxtning salobati orqali muallif butun bir olamni ko‘rsatishga uringan. Bu obraz asarga ichki kuch va hissiy hayajon bag‘ishlagan.
🫥 Bobur Vahobjonovning “Qaytib bo‘lmas saharlar” turkumi esa o‘tgan hayot sahifalariga bo‘lgan sog‘inchni tasvirlaydi. “Daraxt”, “chopon”, “o‘yinchoqcha” kabi jonsiz predmetlar orqali muallif bolaning ichki olami, ichki iztiroblari va xotiralarini yoritgan. Monoxrom elementlar va yorqin ranglarning uyg‘unligi hissiy holatni yanada kuchaytiradi.
🫥 Mirvohid Mirsaidovning “So‘nggi manzil” asari ham tomoshabin e’tiborini tortadi. Asardagi arava obrazi ko‘p qirrali ramziy ma’no kasb etadi — bolalikdagi o‘yinchoq sifatida ham, hayotiy yo‘lning so‘nggi manziliga eltuvchi vosita sifatida ham talqin etilishi mumkin. Rang yechimi bu falsafiy mazmunga xotirjamlik va mahzunlik ohangini baxsh etgan.
✅ “Dilning sadosi” ko‘rgazmasi — bu yosh rassomlarning badiiy tafakkuri, ichki olami va ustozlik an’analari bilan zamonaviy izlanishlar uyg‘unligida shakllanayotgan milliy san’at maktabining yorqin namunasidir.