Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun Toshkent fotosuratlar uyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Oʻzbek ayoli-oʻtmish, nafosat, kelajak ramzi” shiori ostida “Sport tarixida matonatli ayol timsoli” nomli IV Respublika fotokoʻrgazmasi ish boshladi.
Fotokoʻrgazma Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi hamkorligida tashkil qilindi.
Mustaqillik yillarida ayollar, xotin-qizlarga boʻlgan gʻamhoʻrlik, eʼtibor tufayli ayollar har sohada oʻzini namoyon etibgina qolmay, ulkan yutuqlarga erishib kelmoqda. Har bir sohada ayol oʻrni, mavqeini oshirish, ularga mehnat faoliyatida yetarli shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ajralmas qismiga aylandi. Ayol-qizlarimizda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan mustahkam huquqiy baza yaratildi. Bugungi kunda mamlakatimiz xotin-qizlarining fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat, sport sohalarida erishgan yutuqlari yuksak baholanib kelmoqda. Ayniqsa, sport sohasida erishilayotgan yutuqlar zamona ayollari nufuzini yanada oshirdi. Bu esa sport tarixida kamdan kam uchraydigan hodisa ekanligini xalqaro ekspertlar ham tan olmoqda.
Ayol – har sohada oʻzini yorqin va toʻliq namoyon eta oladigan nozik hilqatdir. Jumladan sportning har bir turida xotin-qizlarning yutuqlari tarix zarvaraqlarida mustahkam muhirlanib bormoqda. Bugungi tadbir fizkultura va sport bilan shugʻullanadigan hamda unga eʼtiborli boʻlgan, sogʻlom hayotni qoʻllab-quvvatlovchi ayollarga bagʻishlanadi.
Koʻrgazmada 1930-yillardan boshlab bugungi kungacha ayollar sportiga bagʻishlangan 100 dan ziyod arxiv fotolari namoyish qilinmoqda.
Ular orasida 20 dan ortiq fotolar tomoshabinlarga ilk bor havola etildi. Mazkur fotolarda musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlari, spartakiada, olimpiada va boshqa sport tadbirlarida faol qatnashgan xotin-qizlar oʻtmish va nafosatni, matonat va kelajak aksini topgan.
Fotokoʻrgazma 10-martgacha davom etadi.