Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Kamola Akilovaning  "The Chronicles of Art: Interwoven Histories of Expression"  nomli  ilmiy maqolalar to‘plami hamda "Narodnoye iskusstvo i jivopis Uzbekistana"  nomli monografiyasi ingliz va rus tillarida chop etildi.

Quyida ushbu ilmiy nashrlarning qisqacha mazmuni bilan tanishasiz.

"The Chronicles of Art: Interwoven Histories of Expression"

Bu kitob  so‘nggi 10 yilda olib borilgan  ilmiy izlanishlar, mualliflik va kuratorlik tajribasini o‘zida jamlagan.

To‘plamning yuragi — Islom sanʼati. Muallif uni faqatgina geografik nuqtai nazardan emas, balki madaniy, tarixiy va mafkuraviy miqyosda ham keng tadqiq etadi. Islomdan oldingi arab dunyosi tasavvuridan tortib, XIV–XVI asrlar miniatyuralaridagi maʼnaviy musiqiy obrazlargacha — har bir ilmiy izlanishlarda bir dunyo mujassam.

Saljuqiylar sanʼati, Temuriylar davridagi kashtado‘zlik, buyuk miniatyurachi Kamoliddin Behzod, Islom miniatyurasida musiqaga oid talqinlar — bular kitobning bebaho durdonalari.

Maqolalarda  O‘zbekiston zamonaviy sanʼati, uning realizmdan postmodernizmgacha bosgan yo‘li, milliy amaliy sanʼatda art-bozorning ahamiyati va istiqlol yillaridagi merosni asrash kabi dolzarb mavzular keng yoritilgan.

To‘plamda  O‘zbekiston sanʼatiga salmoqli hissa qo‘shgan siymolar haqida so‘z boradi. Ular orasida — taniqli usto Muxiddin Rahimov, mashhur rus meʼmori Aleksey Щusev hamda o‘z ijodiy izlanishlari bilan zamonaviy tasviriy sanʼatga yangi nafas bag‘ishlagan isteʼdodli rassomlar siymolari haqidagi maqolalar o‘rin olgan.

Muallifning faoliyatida kuratorlik ishlari alohida o‘rin tutadi. U  O‘zbekistonda ilk bor badiiy to‘qimachilikka bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etdi (2017).  Shuningdek, Moskvadagi A.S. Pushkin nomidagi Davlat tasviriy sanʼat muzeyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi I.V. Saviskiy nomidagi Davlat sanʼat muzeyi to‘plamidan tayyorlangan ko‘rgazmaning hammuallifi sifatida qatnashdi (2017).  VII Xalqaro  Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi kuratorlik (2013) yo‘nalishida muvaffaqiyatini yaqqol namoyon etdi.

"Madaniyat - bu, avvalo, betakror shaxslardir. Umid qilamanki, ushbu to‘plam O‘zbekiston, Markaziy Osiyo, turkiy va Islom dunyosi sanʼatini ommalashtirishga hissa qo‘shadi," - deya taʼkidlaydi  Kamola Akilova.⠀

Mazkur kitob sanʼatshunoslar, tarixchilar, muzey xodimlari, talabalar va sanʼatga oshno qalblar uchun qimmatli  manba bo‘lib xizmat qiladi.


"НАРОДНОЕ ИСКУССТВО И ЖИВОПИСЬ УЗБЕКИСТАНА 1970-80-Х ГОДОВ"

Ushbu tadqiqot 1980 yillarning oxirida, Kamola Akilova nomzodlik dissertatsiyasi uchun ushbu mavzuni tanlaganida boshlangan. 

Muallif uzoq yillar va ko‘plab yangi loyihalardan so‘ng, anʼanaviy va tasviriy sanʼat chorrahasida O‘zbekistonning vizual madaniyatini shakllantirgan davr va rassomlar xotirasini saqlab qolish uchun u o‘zining birinchi ilmiy tajribasiga qaytadi. 

Monografiyada professional tasviriy sanʼat xalq hunarmandchiligi estetikasini qanday singdirgani va bu chorrahada noyob obrazlar, shakllar va badiiy g‘oyalar qanday tug‘ilgani haqida so‘z yuritiladi.

Tadqiqotda bugungi kunda nomlari unutilgan, ammo milliy rassomlik maktabini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan rassomlarning butun bir avlodi faoliyati yoritilgan.

Kitob sanʼatshunoslar, rassomlar, talabalar, muzey xodimlari va XX asr O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo sanʼati bilan qiziquvchi barcha insonlar uchun foydali bo‘ladi.