Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 24-noyabr kuni, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Akademiya” galereyasida “Ruminiya milliy liboslaridan ilhomlanib” deb nomlangan ijodiy ishlar ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlandi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Toshkent fotosuratlar uyi hamda Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil qilindi.
Joriy yil sentyabr oyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tomonidan O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasidagi do‘stona aloqalar va madaniy hamkorlikni targ‘ib qilish maqsadida ijodkor yoshlar o‘rtasida “O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasidagi hamkorlik” mavzusida tasviriy va amaliy san'at hamda dizayn yo‘nalishlarida ijodiy tanlov eʼlon qilingan edi.
Ko‘rgazmada ushbu tanlovga kelib tushgan asarlardan saralangan ijodiy ishlar — 33 ta kartina, 4 ta installyatsiya o‘rin oldi.
🎓 Ekspozitsiyada talabalarning rumin xalq liboslaridan ilhomlanib yaratgan rangtasvir, amaliy sanʼat, grafika va boshqa yo‘nalishlardagi ishlari namoyish etildi. Yosh rassomlar milliy anʼanaviy liboslarning bezaklari, ramziyligi, rangi va vizual tiliga alohida eʼtibor qaratib, rumin to‘qimachilik sanʼatining o‘ziga xos uslublarini tasviriy kompozitsiyalarda ifodalashdi.
Ko‘rgazmada rumin va o‘zbek anʼanaviy naqshlari aks etgan liboslar alohida o‘rin egallagan. Bu yondashuv ikki xalq san‘ati, hunarmandchiligi va madaniyatini o‘zaro hurmat birlashtirib turishini yaqqol namoyon qiladi.
Ochildi marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari Farhod Tashmuxamedov, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Omonulla Salihov hamda Ruminiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu so‘zga chiqdi.
Notiqlar Ruminiya–O‘zbekiston munosabatlarining barcha darajada jadal rivojlanayotgani, madaniyat va sanʼat sohasida ham ikki davlat aloqalari faol davom etayotganini, bugungi ko‘rgazma esa ushbu fikrning yaqqol isboti ekanini ta’kidladilar.
✅ Ko‘rgazma doirasidagi ijodiy tanlov natijasiga ko‘ra g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi:
🥇 1-o‘rin — Umarova Karina
🥈 2-o‘rin — Ravshanova Adibaxon
🥉 3-o‘rin — Nazirova Nigora
🏆 Gran-Pri — Erkinova Durdonaga topshirildi.
❗️ Mazkur ko‘rgazma joriy yil 30-noyabriga qadar davom etadi.