Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 26-noyabr kuni, Markaziy ko‘rgazmalar zalida 2025 yil — Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yiliga bagʻishlangan “Navqiron O‘zbekiston” an’anaviy Respublika ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Navqiron O‘zbekiston” ko‘rik-tanlovining bosh maqsadi — tasviriy san’atning turli yo‘nalishlarida ijod qilayotgan yoshlarning salohiyatini keng jamoatchilikka namoyon etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ijodiy izlanishlarini rag‘batlantirishdan iborat. Shuningdek, yosh ijodkorlar uchun o‘z asarlarini keng auditoriya e’tiboriga havola etish, tajriba almashish va professional sahnaga dadil kirib kelish imkoniyatini yaratadi.

 Tanlov ishtirokchilari — 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan iste’dodli yosh ijodkorlar bo‘lib, ular yurtimizda o‘tkazilayotgan turli ko‘rgazmalarda muntazam muvaffaqiyat bilan qatnashayotgan san’atkorlardir. Ba’zi ishtirokchilar uchun esa ushbu nufuzli anjumanda ilk bor qatnashish — ularning ijodiy faoliyatida muhim debyut sifatida tarixda qoladi.

 Mamlakatimizning barcha hududlaridan yuborilgan ijodiy ishlarga malakali mutaxassislardan iborat Ishchi guruh tomonidan baho berildi. Har bir asarning badiiy saviyasi, g‘oyaviy mazmuni va ijodiy yondashuvi sinchiklab o‘rganilib, eng sara namunalar ko‘rgazmada namoyish etish uchun tavsiya qilindi.

 Bugungi ekspozitsiyada 50 nafar iste’dodli ishtirokchining 200 ga yaqin asari o‘rin oldi. Asarlar tomoshabinlarga mamlakatimiz yoshlarining rang-barang ijodiy qarashlari, yangicha izlanishlari va badiiy tafakkurini namoyon etadi.

 Ko‘rgazmaga taqdim etilgan asarlar o‘z sohasining yetuk mutaxassislaridan iborat hay’at a’zolari tomonidan baholanadi. Har bir ishtirokchining ijodiy yondashuvi, badiiy mahorati va g‘oyaviy yechimiga alohida e’tibor qaratilib, eng munosib g‘oliblar aniqlanadi. Shuningdek, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar ham taqdim etilishi rejalashtirilgan.

 Tanlovning tantanali yopilish marosimi 10-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar oltin, kumush va bronza medallari, faxriy diplomlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, ko‘rgazmada qatnashgan barcha yosh ijodkorlarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.