Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

18 mart kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, badiiy fotografiya ustasi Vladimir Goncharenkoning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” g‘oya asosida “Xalq madaniyatining sehri”  nomli shaxsiy fotoko‘rgazmasi ochildi.

 Ko‘rgazmada fotorassomning 40 ga yaqin mamlakatimizning turli hududlariga mansub, asosan, ayollar, qisman erkaklar milliy liboslari portretlar sifatida taqdim etildi.

Ekspozitsiyada Surxondaryo, Buxoro, Xorazm, Samarqand, Vodiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston anaʼanaviy milliy liboslarini ko‘rib, kuzatishingiz mumkin. Surxondaryo anaʼanaviy liboslari rango-rangligi va  taqinchoqlarga boyligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, qo‘ng‘irot urug‘iga mansub ayollarning “xapamat”, “gulband”, “tumorcha”, “tomoqlov” singari ko‘krak va bo‘yin taqinchoqlari ular sevib taqadigan asriy taqinchoqlar bo‘lib, ularda har-xil mayda va katta munchoqlar, tugmalar va sadaf ko‘p qo‘llanilgan.

Surxondaryo xududidagi turli urug‘larga mansub ayollar milliy liboslari alohida ajralib turadi. U yerdagi o‘zbek-loqay urug‘i ayollarining “sitorai shava” nomli gasultiksimon, ko‘pincha metaldan qilinadigan ko‘ylak oldini bezovchi unsurlari diqqatni tortadi.

Buxorolik ayollarning milliy liboslari aksariyat hollarda aʼlo baxmal, adras singari qimmatbaho matolardan tikilganligi, bichimining nafis va murakkabligi bilan eʼtiborni tortadi. “Zebigardon”, “nozigardon” singari ko‘krak taqinchoqlari, zardo‘zlik bilan bezatilgan penonabandlari, “peshikurta” nomli ko‘ylakni old qismini bezatib turuvchi hoshiyali zardo‘zi unsurlari bilan o‘ziga xosdir. Buxoro ayollarining taqinchoqlari tilla va kumush singari qimmatbaho metallardan, ustki ko‘ylak va kaltacha nomli ustki xalatlari esa zarbof kashtalar bilan bejirim ishlangan.

Qoraqalpoq ayollarining kiyimlari va taqinchoqlar vazminligi, ranglari bosiqligi, xandasiy naqshlarga boyligi bilan alohida ko‘zga tashlanadi. “Kiymeshek” nomli old va orqa omoni zamini bilan nashqlangan, yelkani yopib, ko‘krakkacha tushib turadigan milliy kiyimlari ularning fahri bo‘lib, undagi qaraqolpoq xalqiga xos naqshlar va hoshiya qismidagi mayda naqshlar bejirimdir.

Vodiy ayollarining kiyimlari nafislik va nafosatni alohida ko‘rsatib turadi. Vodiyliklarning ayniqsa, do‘ppi va tillaqoshlari milliy o‘ziga xoslikni belgilab beradi. Undan tashqari ularning milliy taqinchoqlari ham kam qismli bo‘lganiga qaramasdan, liboslar majmuasining ajralmas qismi sifatida uyg‘unlikni hosil qiladi...

Vladimir Goncharenkoning fotoko‘rgazmasi nafaqat anʼanaviy liboslarni vizual o‘rganish, balki milliy-anʼanaviy kiyim-kechaklarimizning har bir bichimi va choki, naqshi va unsurlarida aks etgan bebaho milliy merosni eslatmadir.

Ko‘rgazmada Buxoro, Samarqand, Xiva, Farg‘ona vodiysi va Qoraqalpog‘istondagi muzeylar va shaxsiy kolleksiyalar (Surxondaryo)dagi milliy liboslar va aksessuarlar namunalari namoyish etilmoqda.

 
Fotorassom haqida:

Vladimir 1949 yil, 14 fevralda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Professional fotograf, Toshkentdagi yirik nashriyotlar bilan hamkorlik qiladi. O‘zbekistonda arxeologiya, sanʼat, arxitektura, tabiat, etnografiya, pazandachilik va hokazolar bo‘yicha nashr etilgan fotoalbomlardagi fotosuratlar muallifi. “Toshkentale – 2010. Xalqaro fotobiyennale” g‘olibi. 2010 yil eng yaxshi shaxsiy fotoko‘rgazmasi uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasining diplomi bilan taqdirlangan. Xalqaro fototanlovlar va fotoko‘rgazmalar ishtirokchisi. “Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo merosi” va “Ilgari hujjatsiz yodgorliklar” xalqaro tanlovda birinchi o‘rinni egallagan. 10-Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesining Gran-pri sohibi (2024 yilda). ATLAS BAYRAMI – 2024 anʼanaviy to‘qimachilik festivali sovrindori. “ROSSIYADA O‘ZBEKISTON MADANIYATI KUNLARI” doirasida Moskvada shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan, 2024 yilda.