Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

 Bugun, 5-sentabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, O‘zBIUning Qo‘qon shahar bo‘limi boshlig‘i, Qo‘qon Art-rezidensiyasi tasviriy san’at bo‘yicha mutaxassisi, rassom Alijon Raximovning “Yurt va hayot asarlarimda” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Ekspozitsiyada rassomning 50 ga yaqin rangtasvir va 30 ta grafika asari taqdim etildi. Ularning asosiy qismini manzaralar tashkil etib, ijodkor o‘z asarlarida turli fasllarning tafti va rang-barang manzaralarini tasvirlagan. Jumladan, “Zomin tog‘lari”, “Kuz tarovati”, “O‘riklisoy”, “Tong”, “Quyoshli kun”, “Shafranbolu. Turkiya”, “Chodak”, “Yordonda choshtgoh”, “Qizil tog‘” kabi asarlar tabiat manzaralarini o‘ziga xos badiiy talqinda ifodalaydi.

Rassom ijodida tarixiy mavzular ham muhim o‘rin tutadi. “Nasriddinxon portreti”, “Umarxon va Nodirabegim”, “Qo‘qon. Sulton Mudorbek masjidi”, “Dahmaishohon”, “Qo‘qonning Isfara darvozasi. XIX asr” kabi asarlar milliy tarix va me’moriy merosni o‘zida mujassam etadi. Shuningdek, “Ilohiy nikoh”, “Kelin va kuyov”, “Otamni izlab” kabi maishiy mavzudagi ishlari ham alohida e’tiborga loyiqdir.

Alijon Raximov ijodida tabiat, inson va tarixiy xotira uyg‘unligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Rang tanlovi, kompozitsion yechimlari hamda grafika ishlaridagi nozik shtrixlar rassomning professional mahoratini yaqqol namoyon etib, yosh mutaxassislar uchun amaliy maktab vazifasini o‘taydi.
Yurt va hayot asarlarimda” ko‘rgazmasi rassom Alijon Raximovning badiiy izlanishlari, ijodiy tajribasi va milliy san’atimiz taraqqiyotidagi o‘rni haqida yorqin tasavvur beradi. Ushbu ko‘rgazma orqali san’at ixlosmandlari rassomning rangtasvir va grafika asarlarida yurt va hayotning o‘ziga xos talqiniga guvoh bo‘ladilar.