Ellikqal’a tumanida, Aqchako‘lning betakror tabiat qo‘ynida “Aqchako‘l ilhomlari” respublika tanlovining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlov yosh ijodkorlarga o‘z iste’dodini namoyon etish, badiiy salohiyatini rivojlantirish va yangi iste’dodlarni kashf etish uchun muhim platforma sifatida xizmat qiladi.
Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbaev ochib berdi. U yig‘ilganlarni tanlovning ochilishi bilan tabrikladi, yoshlarga qaratilgan davlat siyosatining ahamiyatini ta’kidladi va tanlovni tashkil etishda faol ishtirok etgan bir guruh tashabbuskorlarga tashakkurnomalar topshirdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur ham tadbirga tashrif buyurib, yosh rassomlar uchun yaratilgan ijodiy muhit bilan tanishdi. U tabiat qo‘ynida yaratilayotgan asarlar yosh ijodkorlar uchun tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilishini va ularni san’at olamiga ilhom bilan yetaklashini qayd etdi.
Tanlov davomida ishtirokchilar sokin ko‘l manzaralari, qushlarning shovqini va atrofdagi so‘lim tabiatdan ilhomlanib, ochiq osmon ostida o‘z asarlarini yaratish imkoniga ega bo‘ladi. Bu ijodiy jarayon ularning mahoratini oshirish, ijodiy tafakkurini kengaytirish va yangi san’at yondashuvlarini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.