Joriy yilning 10–16-avgust kunlari Armanistonning Syunik viloyatida Birlashgan Arab Amirliklari, Gruziya, Chernogoriya, Italiya, Rossiya, Serbiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Qirg‘izistondan 22 nafar rassomni birlashtirgan VI xalqaro rassomlar simpoziumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyor-tadqiqotchisi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Dastgohli rangtasvir” kafedrasi o‘qituvchisi Muhammadjon Sattorov ishtirok etdi.
Bir hafta davomida ijodkorlar Syunikning tabiati va madaniy muhitida, hududning manzarasi va o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettirib, o‘z asarlarini yaratdilar.
Simpoziumning yakuni, an’anaga ko‘ra, ko‘rgazma bilan nishonlandi. Yopilish marosimi Kapan zamonaviy san’at muzeyida bo‘lib o‘tdi va u yerda simpozium doirasida yaratilgan asarlar namoyish etildi.