Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
18-noyabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston Respublikasi “Mehnat shuhrati” ordeni sovrindori Ataxan Allabergenov (1947-2021) hamda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, yosh rassom Sardor Allaberganovning “Ro‘yo” nomli qoshma ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada atoqli rassom Ataxan Allabergenov 100 ga yaqin rangtasvir, teatr dekoratsiyasi, akvarel va qalamtasvir asarlari namoyish etilmoqda. A.Allabergenov uzoq yillar Xorazm viloyatidagi Ogahiy nomidagi musiqali komediya teatrida ishlab, qator spektakllar sahnalashtirgan. U kishi sahnalashtirgan teatr dekoratsiyasi, xuddi, rangtasvir asarlari singari jonli va jozibali bo‘lgani bois, rassom teatr jamoasi hurmati va tomoshabin olqishiga erishgan.
Rassomning ekspozitsiyada taqdim etilayotgan rangtasvir, aniqrog‘i suvbo‘yoqda ishlangan asarlari va moybo‘yoqdagi etyudlarining har biri betakrordir. Ularda rassom serquyosh, maftunkor O‘zbekistonimizning turli hududlaridagi so‘lim go‘shalar va sir-asrorlarga boy maskanlarini talqin etgan. Jumladan qadimiy, sirli Xiva va Urganch, zalvorli Surxondaryo va Qashqadaryo hamda go‘zal vodiyning ko‘zni qamashtirgan tabiati, viqorli tog‘lari va xalqi misol miskin qishloqlarini qalamga olgan. Musavvirning mo‘yqalami juda shiddatli, rangtasvir tili esa nafis va bejirimdir.
Ko‘rgazmada аkademik rassomning o'gli Sardor Allabergenovning 20 ga yaqin rangtasvir asari va etyudlari namoyish etilmoqda. Rassom ijodkor oilasida tug‘ilgani bois, ijodiy muhit uni bolaligidan rom etdi. Rassomning ko‘rgazmadagi rangtasvir asarlarida uning ruhiyati va oniy kayfiyatiga yaqin bo‘lgan mavzular talqin etiladi.
Sardorning ijodiga, shuningdek, u tug‘ilib o‘sgan yurti, ertaknamo Urganchning sirli kayfiyati ham ijobiy ta’sir etgan. Kompozitsiyalar yaratar ekan, rassom undagi har bir unsurga ramziy ma’no jo etadi. Ekspozitsiyadagi ishlar uning bugungi dunyomizga bo‘lgan munosabati in’ikosidir.
Kompozitsiyalar ranglari yaxlit, shakllar mahobatlilik hissini uyg‘otadi. Har bir rang kompozitsiya mavzusini yanada teranlashtiradi va keskinlashtiradi.