Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 25-iyun kuni Toshkent fotosuratlar uyida Bojxona qo‘mitasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida “Biri Quyosh, biri Oy” nomli fotoko‘rgazma ochildi. Mazkur ko'rgazma bojxona xodimlarining ota-onalariga bag‘ishlangan ilk eksklyuziv ko‘rgazma bo‘lib, unda 100 dan ortiq fotosurat namoyish etildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ–122-sonli qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Qarorda davlat bojxona xizmati xodimlarini har tomonlama, ayniqsa ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida urg‘u berilgan.
Ko‘rgazmada mamlakatimizning turli hududlarida xizmat qilayotgan bojxonachilarning ota-onalari tasvirlangan suratlar orqali hayotiy tajriba, sabr-toqat, mehr-muruvvat, halol mehnat va farzand tarbiyasidagi fidoyilik aks ettirilgan.
Tadbir bojxonachilarning jamiyat ko‘zidan nari bo‘lgan insoniy qiyofasini ochib berish, ularning orqasida turgan oilaviy tayanch va ota-onalarning jamiyat rivojidagi o‘rnini yoritishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev so‘zga chiqib, tadbirning ahamiyati, ya’ni bojxona xodimlarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning orqasida turgan oilaviy tayanch — ota-onalarning jamiyatdagi o‘rnini yoritish borasidagi tashabbusni e’tirof etdi.
Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, fotorassomlar sho'basi raisi Rustam Sharipov ko‘rgazmadagi suratlar san’atiy yondashuv asosida tayyorlanganini, har bir kadrda inson ruhiyati, mehr va fidoyilik aks etganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti Zuxra Ashurova tomonidan ota-onani ulug‘lashga bag‘ishlangan ta’sirchan monologlar ijro etildi. Uning chiqishi ko‘rgazma mazmuni bilan uyg‘unlashib, tomoshabinlarga kuchli hissiy ta’sir qoldirdi.
Tadbir “27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” arafasida o‘tkazildi. Uning doirasida bojxona organlari matbuot xizmatlari xodimlariga faoliyati uchun esdalik diplomlari topshirildi.