Bugun O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida Respublika ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati “Mahobatli rangtasvir” kafedrasi o‘qituvchilarining “Borliq ohanglari” nomli hisobot ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rgazma pedagog-rassomlarning ijodiy salohiyati, ularning individual badiiy qarashlari hamda zamonaviy monumental sanʼat makonidagi estetik izlanishlarini keng jamoatchilikka namoyish etadi. Ekspozitsiyada har bir muallif umumiy kasbiy maktab anʼanalariga tayangan holda, o‘ziga xos tasviriy til va konseptual yondashuvini namoyon etadi.
“Borliq ohanglari” — bu badiiy mavjudlikning majoziy talqini bo‘lib, unda rang, shakl va kompozitsiya uyg‘unligi orqali inson, tabiat va jamiyat o‘rtasidagi ichki mushtaraklik ifodalanadi. Asarlarda milliy anʼana va zamonaviy tafakkur o‘zaro uyg‘unlashib, rangtasvir maktabining estetik izchilligini namoyon qiladi.
Ko‘rgazmada realizm, dekorativ-monumental yo‘nalish, ramziy-falsafiy peyzaj, epik-tarixiy obrazlilik hamda zamonaviy installyatsiya kabi turli badiiy yo‘nalishlar mujassam. Har bir ijodkor o‘z asarlari orqali milliy madaniyat, tarixiy xotira, shahar va tabiat poetikasi, ruhiy kechinmalar hamda zamonaviy ijtimoiy muhitni talqin etadi.
Mazkur hisobot ko‘rgazmasi nafaqat ijodiy natijalar sarhisobi, balki pedagogik maktabning uzviy davomiyligi va badiiy merosga sadoqat timsoli sifatida ahamiyat kasb etadi.
Ko‘rgazma joriy yilning 1-martiga qadar davom etadi.