Shu kunlarda Buxoro shahrining tarixiy obidalari va qadamjolarida 26-fevral kuni boshlangan “Ustoz va shogird” an’anasi asosidagi ijodiy plener qizg‘in davom etmoqda.
Mazkur plenerda Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi o‘qituvchisi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi oltin medali sohibi Zuhriddin Islamshikov hamda uning 10-sinf o‘quvchilari, shuningdek Buxoro shahri va Toshkent viloyatining ijodkor rassomlari faol ishtirok etmoqda.
Shu bilan birga, Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘qituvchi va o‘quvchilari ham plener jarayonida faol qatnashib, o‘z ijodiy mahoratlarini namoyon etmoqdalar.
Plener davomida yosh ijodkorlar ustozlar tajribasidan bahramand bo‘lib, tarixiy muhit bag‘rida amaliy mashg‘ulotlar olib bormoqdalar. Mazkur ijodiy tadbir milliy rassomlik an’analarini rivojlantirish, “Ustoz va shogird” maktabini mustahkamlash hamda yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Plener 6-martga qadar davom etadi.