Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 20-oktabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Akademiya” galereyasida Xitoy Xalq Respublikasi Shanxay san’at kolleksiyalari muzeyi ijodkorlari va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyor-tadqiqotchilarining "Buyuk ipak yo‘li ufqida" nomli guruh ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rgazma ikki xalq ijodkorlarining qalb nidosi, tarixiy xotira va zamonaviy ilhom uyg‘unligining badiiy timsoli sifatida namoyon bo‘ldi. Ekspozitsiyada ijodkorlarining 50 dan ortiq rangtasvir asarlari san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola etildi.
Ipak yo‘li — bu shunchaki qadimiy savdo yo‘li emas. U xalqlar tafakkuri, estetik qarashlari va ruhiy mushtaraklikni bog‘lagan ma’naviy arteriyadir. Qadimiy tuya qo‘ng‘iroqlari sadosidan tortib, bugungi “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusigacha uzluksiz davom etayotgan bu yo‘l san’at orqali yangi ohangda jaranglamoqda.
Ko‘rgazmada namoyish etilgan asarlar orqali tomoshabinlar rang va chiziqlar, yorug‘lik va soya, tasvir va shakl vositasida ikki xalqning ruhiy uyg‘unligini his eta oladilar. Bu badiiy manzaralar — o‘zaro hurmat, tinchlik, qadriyatlar almashinuvi va madaniy yaqinlikning vizual hikoyasidir.
✔️ Ko‘rgazma Shanxay xalqaro madaniy almashinuv assotsiatsiyasi, Shanxay san’at kolleksiyalari muzeyi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamda O‘zbekistonning Shanxaydagi Bosh konsulligi hamkorligida tashkil etildi.
🇺🇿 O‘zbekiston tomonidan:
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyor-tadqiqotchilari:
🩸Dedashev Baxtiyor
🩸Qiyomov Zuhriddin
🩸Lashenov Timur
🩸Abdullayev Jahongir
shuningdek, yosh iste’dodli rassom:
🩸Vahobov Dilshod
🇨🇳Xitoy tomonidan:
Shanxay san’at kolleksiyalari muzeyi qoshidagi rassomlar:
🩸Ding Shy
🩸Myng Shu
🩸Xiao Gu
🩸Guo Feng
🩸Ju Jiyefyng
🩸Ding Hy
❄️ Mazkur ishtirokchilarning har biri o‘z mamlakatining estetik mezonlari, badiiy ifoda uslubi va ruhiy tematikasini o‘ziga xos tarzda taqdim etdi.
✅ “Buyuk Ipak yo‘li ufqida” ko‘rgazmasi — bu ikki xalq qalbining suhbati. Rassomlar mo‘yqalam vositasida tarixni nafaqat ifoda etdilar, balki zamonaviy tafakkur bilan qayta talqin qildilar. Har bir asar — bu vaqt va makonni bog‘lovchi ko‘prik, badiiy tafakkurning do‘stlik tilidagi tarjimasidir.
‼️Ko'rgazma joriy yilning 20-noyabrigacha davom etadi!‼️