Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

23-oktabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti, rassom Chori Bekmirovning “Ko‘ngildan bir lavha” nomli shaxsiy rangtasvir ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 Yurtimizning janubiy hududlaridan biri — Qashqadaryo vohasida tug‘ilib o‘sgan taniqli ijodkor Chori Bekmirov asarlarida milliy an’analar bilan zamonaviy ifoda uslubi uyg‘unlashib, tabiat manzaralari, inson va muhit munosabati estetik jihatdan yangi talqinda namoyon bo‘ladi.

 Bekmirovning ijodiy izlanishlari hozirgi o‘zbek tasviriy san’atida tabiat va inson munosabatlarining badiiy talqinini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega. Uning rangtasvirdagi ijodi bir necha janrlarda bajarilgan bo‘lib, bular: tarixiy, maishiy, portret, manzara, natyurmortlardan iborat. Asarlarning janri turli bo‘lsa-da, har birida individual yondashuvni kuzatish mumkin. Yaratilgan asarlar juda ko‘p, ammo ularning o‘ziga xosligi aynan rassom dastxatini bir qarashdayoq ajrata olish va ilgay olishidadir.

 Rassom rangtasvirda asosan manzaralar yaratadi. Bu manzaralar bepayon kengliklarni o‘ziga qamrab oladi va tomoshabinga o‘ziga xos dastxat orqali yetkazishga intiladi. Manzaralarga razm solinsa, har bir asarda rassom mutanosiblik, sokinlik, oychanlik, sukunat kabi holatlarda ijod qilganini his etish mumkin. Uning ijodidagi yana bir xususiyat — u odatda manzara qo‘ynida inson obrazini tasvirlashga intiladi. Ijodkor tabiat va insonni bir butunlikda, ya’ni tabiatning ajralmas qismi sifatida talqin etishni xush ko‘radi.

 Chori Bekmirovning yaratayotgan dastgohli asarlari turli uslub va texnikalarda yaratilgan bo‘lib, rassom har bir ishiga o‘ziga xos yondashuv bilan ijod qiladi.

 1984-yildan Chori Bekmirov O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Rassomlar uyushmasining a’zosi. Uning asarlari O‘zbekiston muzeylari hamda ko‘plab xorijdagi shaxsiy to‘plamlarda saqlanadi. U viloyat, shahar, respublika miqyosidagi va xalqaro ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.

 Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur so‘zga chiqib, rassom Chori Bekmirovning o‘zbek tasviriy san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, yarim asrdan ortiq davom etayotgan sermazmun ijodiy faoliyati hamda fidokorona pedagoglik mehnatini alohida ehtirom bilan tilga oldi.

 Akmal Nur o‘z nutqida ustoz rassomning nafaqat badiiy asarlari, balki pedagogik faoliyati orqali yetishib chiqqan yosh avlod qalbida san’atga mehr va ilhom uyg‘otayotganini yuksak baholadi.

🏅 Chori Bekmirovning ijodiy mehnati va milliy san’at taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos xizmatlari e’tirof etilib, unga “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi fidoyisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Bu yuksak mukofot — san’atkorning umrini ijod, go‘zallik va insoniylikka bag‘ishlagan mehnatiga munosib e’tirof, shuningdek, milliy rangtasvir maktabi uzviyligi hamda ustoz-shogird an’analarining davomiyligini ifodalovchi ramz sifatida alohida ma’naviy mazmunga ega bo‘ldi.❗️