O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi tomonidan Bo‘stonliq tumani, Chorvoq posyolkasida joylashgan taniqli rassom va haykaltarosh Soliy Qodirovning “ART-SUPA Chorvoq” ijodiy maskanida rassomlar ishtirokida plener va ijodiy uchrashuv tashkil qilindi.
Unda O‘zBIU a’zolari — Olimjon Fozilov, Soliy Qodirov, Farxod Nazarmatov, Rustam Mambetov, Chori Shams, Baxtiyor Alimov, shuningdek, rassomlar Saburov Ruslan va Rossiya rassomlar uyushmasi a’zosi Titov Aleksandr kabi ijodkorlar jam bo‘lishdi.
Ijodkorlar Chorvoqning betakror tabiati, tog‘ manzaralari va musaffo havosidan ilhomlanib, Xumson qishlog‘i hamda Chorvoq suv ombori atrofida etyudlar ishladilar.
Plener jarayonidan so‘ng rassomlar yana “ART-SUPA”da jam bo‘lishib, bir piyola choy ustida o‘zaro ijodiy suhbatlar o‘tkazdilar. Plener davomida chizilgan etyudlarni muhokama qilib, ularning kompozitsiyasi, rang yechimi va badiiy ifodasi haqida fikr almashdilar.
Bunday ijodiy muloqotlar rassomlar o‘rtasida tajriba almashish, bir-birining ijodiy yondashuvlarini o‘rganish va yangi g‘oyalar bilan boyish uchun muhim ahamiyat kasb etdi.