close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

25-mart kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida rangtasvirchi va grafik rassom Vasiliy Andreyevich Tyo (1937–2000) ijodiy merosiga bag‘ishlangan “Ey vaqt, qush misoli uchib ketma…” nomli xotira ko‘rgazmasi ochildi.

 Vasiliy Andreyevich Tyo XX asr o‘zbek tasviriy san’atida o‘ziga xos ijodiy yo‘nalishga ega bo‘lgan rassomlardan biridir. Uning ijodi rangtasvir va grafika uyg‘unligi, inson qiyofasini chuqur ruhiy tahlil asosida aks ettirishi bilan ajralib turadi.

 Rassomning professional shakllanishi Pavel Benkov nomidagi rassomlik bilim yurti hamda Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomlik institutida kechdi. Aynan shu davrda u litografiya, ksilografiya va linogravyura kabi murakkab grafik texnikalarni puxta egallab, klassik adabiyotlarga ishlangan illyustratsiyalar orqali o‘zining tasviriy tafakkurini namoyon eta boshladi.

 Ijodining dastlabki bosqichlaridayoq inson obrazi rassom ijodining bosh mavzusiga aylandi. U yaratgan portretlarda zamondoshlar, mehnat fidoyilari, san’at ahli va xalq hunarmandlarining ichki dunyosi samimiy va hayotiy talqinda aks etadi. Xususan, “Kulol” hamda yog‘och o‘ymakori Qodirjon Xaydarov obrazlari rassomning kuzatuvchanligi va yuksak mahoratini yaqqol ko‘rsatadi.

 Rassomning keyingi ijodiy faoliyati Qo‘qon shahri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, aynan shu muhitda u yanada sermahsul ijod qiladi. Bu davrda u portret bilan bir qatorda peyzaj va natyurmort janrlarida ham samarali ishlaydi. Uning peyzajlarida tabiatga bo‘lgan nozik munosabat va lirik kayfiyat sezilsa, natyurmortlarida rang va shakl uyg‘unligiga bo‘lgan o‘ziga xos did namoyon bo‘ladi.

 Vasiliy Tyo monumental bezak san’ati sohasida ham faol bo‘lib, turli jamoat binolari interyerlarini badiiy bezashda ishtirok etgan. Bu ishlarida u tasviriy san’atning dekorativ imkoniyatlarini keng qo‘llab, makon va obraz uyg‘unligini yaratishga intilgan.

 Rassom ijodi davomida respublika miqyosidagi ko‘rgazmalarda muntazam qatnashib, o‘z asarlarini keng jamoatchilikka taqdim etdi. Shu bilan birga, u pedagog sifatida ham faoliyat yuritib, yosh ijodkorlar avlodining shakllanishiga munosib hissa qo‘shdi.

 Mazkur ko‘rgazma rassomning boy ijodiy merosini yoritib, uning san’atdagi izlanishlari, badiiy qarashlari hamda inson obrazini talqin etishdagi o‘ziga xos uslubini namoyon etadi.