26-dekabr kuni Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Oʻzbekiston xalq rassomi, akademik Fayzulla Ahmadaliyevning “Hadis izidan” nomli shaxsiy koʻrgazmasi sanʼat ixlosmandlari, ijodkorlar va keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etildi.
Fayzulla Ahmadaliyev zamonaviy oʻzbek tasviriy sanʼatida oʻziga xos badiiy tafakkuri, teran falsafiy mushohadalari bilan ajralib turuvchi yetuk ijodkorlardan biridir. Uning ijodi Sharq maʼnaviy-estetik anʼanalariga tayangan holda, inson ruhiy olamining chuqur qatlamlarini tadqiq etishga yoʻnaltirilgan.
Rassom asarlarida borliqning asl mohiyati Sharq tafakkurida mavjud boʻlgan ruhiy holat, ichki sukunat va maʼnaviy muvozanat orqali talqin etiladi. Ushbu yondashuv natijasida shakllangan badiiy til rang, faktura va kompozitsion yechimlar orqali ramziy maʼnolar kasb etadi. Uning asarlari insonning oʻz-oʻzini anglash, ichki kamolot sari yoʻlini ifodalovchi badiiy makon sifatida namoyon boʻladi. Fayzulla Ahmadaliyev uchun sanʼat — bu Yoʻl, yaʼni ruhiy yetuklik va tafakkur sari uzluksiz intilish jarayonidir.
Koʻrgazmada muallifning soʻnggi besh yil davomida yaratilgan 80 dan ortiq asarlari namoyish etilib, ular rassom badiiy tafakkurining izchil rivoji va uslubiy evolyutsiyasini yaqqol aks ettiradi. Rangtasvirda pigmentlar bilan olib borilgan tajribalar hissiy jihatdan murakkab, falsafiy teranlikka ega kompozitsiyalarni yuzaga keltiradi. Anʼanaviy oʻzbek matolari, “quroq” texnikasi hamda xattotlik unsurlarining uygʻun qoʻllanilishi rangtasvir va amaliy-dekorativ sanʼat oʻrtasida konseptual yaxlitlikni taʼminlaydi. Fotografik fragmentlarning kompozitsiyaga kiritilishi esa asar fazosini kengaytirib, zamonaviy badiiy tafakkurga xos kutilmagan semantik aksentlarni yuzaga chiqaradi. Sharq ornamentikasidan ilhomlangan ramziy-dekorativ motivlar muallifning betakror vizual dunyosini shakllantiruvchi muhim unsur sifatida namoyon boʻladi.
Fayzulla Ahmadaliyev asarlari tomoshabinga tayyor talqinlarni yuklamaydi. Aksincha, ular mushohada va ichki mulohazaga chorlab, tomoshabinni obrazlar va ramzlar orqali mustaqil maʼnaviy izlanishga undaydi. Ushbu asarlarda xotira va hissiyotlar makoni koʻrinadigan va yashirin maʼnolar oʻrtasida sukunat, jamlanish va ichki dialog muhitini yaratadi.
Ekspozitsiyada “Soʻfiy”, “Buxoroliklar”, “Hadis izidan”, “Ziyoratchilar”, “Yolgʻiz karvon”, “Qadimiy Buxoro fragmentlari” kabi asarlar markaziy oʻrin egallaydi. Ushbu ishlar rassom ijodidagi mavzular doirasining kengayishi, rang va kompozitsion yechimlarning boyishi, shuningdek, anʼanaviy va zamonaviy badiiy usullar sinteziga boʻlgan izchil intilishni yaqqol namoyon etadi.
Mazkur koʻrgazma zamonaviy oʻzbek sanʼatining yetakchi namoyandalaridan birining badiiy olami bilan yaqindan tanishish, uning obrazlar, ramzlar va metaforalardan tarkib topgan mualliflik *“lugʻati”*ni anglash uchun noyob imkoniyatdir. Ushbu badiiy makonda har bir tomoshabin oʻz maʼnaviy idrok yoʻlini kashf etishi mumkin.
🎨 Barchangizni koʻrgazmada mushohada, sukunat va ilhom muhitini birgalikda his etishga chorlaymiz.