2026-yil 13-mart kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinovning Fransiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi vakillari bilan ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Fransiya elchixonasining madaniyat hamda ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi Deni Dyuklo ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Fransiyaning madaniyat sohasidagi tashkilotlari o‘rtasida 2026–2027-yillar uchun madaniy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, 2027-yilda Napoleon davrining tarixiy va badiiy merosiga bag‘ishlangan “Napoleon: obrazlar va afsonalar” nomli qo‘shma ko‘rgazmani tashkil etish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar ekspozitsiyaning ehtimoliy formatlarini ham ko‘rib chiqdilar. Jumladan, Napoleon davriga oid san’at asarlari, arxiv materiallari, tarixiy hujjatlar hamda muzey eksponatlarini namoyish etish, shuningdek mazkur loyiha tayyorgarligiga Fransiyaning yetakchi muzeylari va madaniy tashkilotlarini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida boshqa qo‘shma ko‘rgazma tashabbuslarini amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etiladigan Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali doirasida fotoko‘rgazma o‘tkazish hamda zamonaviy fransuz san’ati, dizayni va madaniy merosiga bag‘ishlangan “Fransiyada yaratilgan” ko‘rgazmasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.