2026-yil 3-mart kuni soat 17:00 da O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyining kichik ko‘rgazmalar zalida “Yosh grafiklar to‘garagi” tomonidan tashkil etilgan “Grafika: g‘oya va ifoda” nomli grafika ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada K. Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining 2 va 3-bosqich talabalaridan 12 nafar ijodkorning 40 dan ortiq grafika asarlari namoyish etildi. Ushbu asarlar ofort, linogravyura va litografiya texnikalarida yaratilgan bo‘lib, yosh rassomlarning badiiy tafakkuri va ijodiy izlanishlarini o‘zida mujassam etadi.
Bugungi kunda K. Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari ustozlari rahbarligida san’atning eng noyob va murakkab yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan grafika san’ati bilan shug‘ullanib kelmoqdalar. Jumladan, linogravyura, ofort va litografiya grafika san’atining murakkab texnikalaridan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda ijod qilayotgan rassomlar respublikamizda ko‘p emas.
Shunga qaramay, ustozlar Narimon Sharipov va F. Qobilov ushbu san’at yo‘nalishining yetuk mutaxassislari sifatida “Yosh grafiklar” to‘garagi orqali talabalarga mazkur texnikalarni o‘rgatib kelmoqdalar. Grafika san’atining ushbu noyob turlari yo‘qolib ketmasligi, balki avloddan avlodga yetkazilishi ustozlar tomonidan muhim vazifa sifatida qaralmoqda. Xususan, rassom Narimon Sharipov bu jarayonni ham qarz, ham farz deb biladi.
Ko‘rgazmada Dizayn fakultetining “Reklama va amaliy grafika” yo‘nalishi talabalari — Suyunova Shamsiqamar, Xolmatova Dildora, Axmatjonova Robiyabonu, Abrayeva Sayyora, Abduqahhorova N., Garabayeva Leyla, Kim Yuliya, Samira Ravanova, Ruxshonaxon Ro‘ziyeva, Tilashkova Anastasiya, Venera Hafizova o‘z ijodiy ishlari bilan ishtirok etdilar.
Ko‘rgazma joriy yilning 11-martigacha davom etadi.