Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti (MRDI) rektori Omonulla Salixov Italiyaga xizmat safari davomida L’Aquila sanʼat akademiyasiga tashrif buyurdi.
Rektor L’Aquila sanʼat akademiyasi faoliyati, o‘quv jarayoni, shuningdek, mazkur akademiya bilan MRDI hamkorligida “ItARTS” granti doirasida tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishtirildi.
L’Aquila sanʼat akademiyasi va MRDI sohada ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mazkur hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tomonlar o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladilar.
Bundan avval MRDI va Rim Tasviriy sanʼat universiteti (RUFA) o‘rtasida ham hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
Tasviriy va amaliy sanʼat sohasida jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelayotgan mamlakat bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, taʼlim va ijodiy yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida tashkil etilgan Italiyaga xizmat safari MRDIning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.