Bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida yangi tashkil etilgan Ko‘rgazmalar zali va unda “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari ijodiy asarlari ko‘rgazmasi”ning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi!
✅ Bugungi kun institut tarixiga yana bir muhim sana sifatida muhrlanib, yangi tashkil etilgan Ko‘rgazmalar zali va unda “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari ijodiy asarlari ko‘rgazmasi”ning ochilish marosimi o'tkazildi. Unda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyati, xorijiy va mahalliy hamkor tashkilotlarning rahbarlari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari hamda institut professor-o'qituvchilari ishtirok etishdi.
💬 Dastlab, Ko‘rgazmalar zali va undagi ilk ko'rgazmani institut rektori Omonulla Salixov so'zga chiqgan holda ochib berib, uning institut faoliyati uchun juda muhim bo'lganligi hamda O'zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyatining qo‘llab-quvvatlovi va institut ahil jamoasining birdamligi natijasida yangi zalni qurib, foydalanishga topshirishga erishilganligini ta'kidladi.
🎓 Uning ilk faoliyati “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari ijodiy asarlari ko‘rgazmasi” bilan boshlangani esa, nafaqat badiiy merosni namoyish etish, balki ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va milliy san’at maktabida ustoz-shogird an’analari asosida uzviylikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
💬 Shuningdek, ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O'zbekiston xalq rassomi Akmal Nuridinov, "Dastgohli rangtasvir” kafedrasi professori, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Sabirjan Raxmetov, O'zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san'atshunoslik fanlari doktori Kamola Akilova, Institut Kengashi kotibi Xolbuvi Akbarovalar so'zga chiqib, institut jamoasi va barcha tadbir ishtirokchilarini Ko'rgazmalar zalining ochilishi bilan tabriklab, o'zlarining samimiy tilaklari va fikrlarini bildirdilar.
✅ Mazkur zamonaviy ko‘rgazma zalining eshiklari turli san’at loyihalari uchun hamisha ochiq bo‘lib, pedagoglar hamda talabalar, nazariyotchilar hamda amaliyotchilar uchun ijodiy platforma vazifasini bajaradi hamda ko‘plab yangi va yosh iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi.