Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
2025-yil 19-noyabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekistondagi Isroil Davlatining Elchixonasi vakillari hamda Quddus Islom San’ati Muzeyi direktori o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir madaniyat, san’at va muzey ishi sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Muzokaralarda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A. Nuridinov, Xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i A. Tuychiyeva, jurnalist B. Babaev (kultura.uz), Isroil Elchixonasining madaniyat va matbuot masalalari bo‘yicha maslahatchisi V. Lopatçenko, shuningdek, Quddus Islom San’ati Muzeyi direktori Gilad Levian ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi ikki davlat o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Tomonlar islom san’atini o‘rganish va targ‘ib qilish, shuningdek zamonaviy badiiy amaliyotlarni rivojlantirish borasida o‘zaro umumiy manfaatlarga asoslangan hamkorlikning yuqori salohiyatini ta’kidladilar.
Gilad Levian Quddus Islom San’ati Muzeyining faoliyati haqida batafsil ma’lumot berib, O‘zbekistonning badiiy va muzey muassasalari, jumladan O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq Minatyura Muzeyi bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi. O‘zbekiston tomoni esa kelajakdagi tashabbuslarni amalga oshirish uchun zarur yordam ko‘rsatishga, materiallar va san’at asarlarini taqdim etishga tayyorligini ma’lum qildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar Quddus Islom San’ati Muzeyida o‘zbek rassomlari ko‘rgazmasini tayyorlash bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdilar. Loyiha “Islomda qushlar” deb nomlanib, uni 2026-yil 20–26-iyul kunlari o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Ko‘rgazmani amalga oshirish uchun tomonlar tashkiliy qo‘mita tuzishga kelishib oldilar. Qo‘mita logistika masalalari, eksponatlarni tanlash, ilmiy hamrohik va madaniy dastur shakllantirish kabi jihatlarni o‘z ichiga olgan batafsil reja ishlab chiqadi.
Uchrashuv iliq va konstruktiv ruhda o‘tdi hamda O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi madaniy muloqot uchun yangi ufqlarni ochdi. Erishilgan kelishuvlar tomonlarning san’at va muzey sohasi bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish, tajriba almashish va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirishga bo‘lgan intilishini tasdiqlaydi.