Bugun, 4-mart kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida 8-Mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan an’anaviy “Bahor vernisaji” Respublika badiiy ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Bahor vernisaji” nafaqat san’at bayrami, balki ayol ijodkorlarning nozik qalbi, betakror tasavvuri va yuksak badiiy mahoratini namoyon etuvchi ijodiy maydon hisoblanadi. Bahor faslining uyg‘onish, yangilanish va yasharish ruhi ko‘rgazmada taqdim etilgan asarlarda o‘zining yorqin ifodasini topgan. Asarlarda muhabbat va sog‘inch, orzu va armon, quvonch va ilhom kabi insoniy kechinmalar nafis badiiy talqinda aks etgan.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasida rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, mayda plastika hamda amaliy san’at namunalari taqdim etilgan. Turli avlod vakillari bo‘lgan iste’dodli ayol rassomlar o‘z asarlari orqali ayol siymosining maftunkorligi, onalik mehrining qudrati hamda go‘zallik falsafasini o‘ziga xos badiiy talqinlarda ifoda etdilar.
Mazkur ko‘rgazmada 35 nafar ayol ijodkorning 100 ga yaqin asari namoyish etildi. Har bir asar tomoshabinlarni bahorning iliq nafasi va bayramona kayfiyati bilan qarshi oladi.
Ko‘rgazma joriy yilning 22-martigacha davom etadi.